O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 18-apreldagi O‘RQ-830-son Qonuniga asosan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 3321-moddasiga o‘zgartish kiritilib, sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan maʼmuriy jarimalarga nisbatan jarimalar solish to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi.

Unga ko‘ra, huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining ellik foizini yoki o‘ttiz kun ichida jarima miqdorining yetmish foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.

Lekin, ushbu Qonun talabi O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 131-moddasi (transport vositalarini mast holda boshqarish), 132-moddasi (kema haydovchilarining kichik hajmli kemalarni mast holda boshqarishi), 136-moddasi (transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi), 140-moddasi (mast holdagi haydovchilarning yoki transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishiga yo‘l qo‘yish) haqidagi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan hamda jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilingan yoki protest bildirilganda qo‘llanilmaydi.

Mazkur tartib sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Ushbu Qonun maʼmuriy jarimalarni to‘lashda jarimalar yukini kamaytirishga hamda maʼmuriy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lash tizimini yanada soddalashtirishga, shuningdek sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlari o‘z vaqtida ijro etilishini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Viloyat hokimligi yuridik xizmat
bosh yuriskonsulti 
Sh.Kushokov 

14-09-2023 |
Foto galereya