Xabarlaringiz bor, joriy yil 26-sentabrda mahallabay ishlash tizimini yana-da kuchaytirish, mahalla “yettiligi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda hurmatli Prezidentimiz tomonidan muhim vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida mahalla boshqaruv tizimini takomillashtirish va mahalla “yettiligi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Davlatimiz Rahbari tomonidan 2023-yil 21-dekabrda Farmon va qaror imzolandi.

Farmon bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da mahallalarni qo‘llab-quvvatlash hududiy kengashlarining tashkiliy yig‘ilishlarini hamda O‘zbekiston mahallalari Uyushmasining Konferensiyasini o‘tkazish belgilangan.

Shunga ko‘ra, 15-yanvar kuni Mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Qashqadaryo viloyati kengashining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman (shahar)lardan delegat sifatida saylanib kelgan mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari, Mahallani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha viloyat kengashi aʼzolari, viloyat hokimining tegishli o‘rinbosarlari, viloyat sektorlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilish kun tartibidagi birinchi masala - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroridan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar to‘g‘risida viloyat hokimi, viloyat Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi raisi Murotjon Azimov maʼruza qildi.

Shuningdek, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining viloyat bo‘limi rahbari Lola Saodatova so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari raisligida 2023-yil 22-dekabrda o‘tkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan mahalla tizimi faollari zimmasidagi ustuvor vazifalar xususida to‘xtaldi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston mahallalari uyushmasining taʼsis Konferensiyasida viloyatimizdan ishtirok etadigan delegatlar saylab olindi.

16-01-2024 |
Foto galereya