Assalomu alaykum aziz vohadoshlar!

Avvalambor, barchangizni, ko‘p millatli viloyatimiz ahlini  kirib kelgan Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, yuksak hurmat va ehtiromimni, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Yasharish, yangilanish fasli – Navro‘zi olam muborak bo‘lsin

Bu yilgi bayram tantanalari mamlakatimizda  “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oyasi asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.

Do‘stlik, o‘zaro hurmat, saxovat va muruvvat tuyg‘ulari yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Bugun mamlakatimizda yangicha dunyoqarash bilan yashash, inson qadrini ulug‘lash ishi – taraqqiyot strategiyasining asosiga aylandi.  

Qabul qilinayotgan har bir farmon, qaror mohiyatining tub zamirida inson qadrini ulug‘lash, uning farovonligini taʼminlash, munosib turmush hayotini barpo etish g‘oyasi yotibdi.

Fuqarolarimiz huquqlari, erkinligi –“qog‘ozda” emas, balki amalda taʼminlamoqda.

Amalga oshirilgan islohotlar samarasi – eng olis qishloqlardagi aholi xonadonlarigacha kirib bormoqda. 

Bu esa muhtaram Prezidentimizning, Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz, deya aytgan fikrlarining hayotiy ifodasidir.

Hurmatli vohadoshlar!

Qashqadaryoliklar ham joriy yilgi Navro‘z bayramiga o‘ziga xos tayyorgarlik bilan kelishdi. Barcha sohada sifat ko‘rsatkichini belgilash, “o‘sish nuqtalarini” aniqlab, rivojlantirishga eʼtibor qaratilmoqda.

Halqimiz roziligini taʼminlash yo‘lida azmi shijoat, ishonch bilan mehnat qilinmoqda.

Hurmatli Prezidentimizning joriy yil 24-fevraldagi viloyatga tashriflari, istiqboldagi loyihalar haqidagi muloqotlar – vohamiz ahlining kayfiyatini ko‘tarib, mehnat unumdorligini taʼminlamoqda.

Navro‘z shodiyonalari arafasida hasharlar tashkil etildi. “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida mahallalarda 16 mln tupdan ortiq nihollar ekildi.

Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida26 ta qishloq va 4ta mahallada 466 mlrd so‘mlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.

Yakkabog‘, Koson, Qarshi tumanlarida yangi turmushning namunasi bo‘lib “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilmoqda.

Aziz vohadoshlar!

Navro‘zdan bir kun o‘tib, yaʼni 22-martdaMahalla xodimlari kuni keng nishonlanadi.

Mahalla tinch bo‘lsa – butun yurtimiz tinch, mahalla obod bo‘lsa,  mamlakatimiz farovon bo‘ladi.

Bugun tilimizga “mahallabay”, “xonadonbay” so‘zlari kirib kelgan. Murojaatlari bilan ishlash, aholining tashvish va muammolarini joyida hal qilish borasida yangicha yondashuv asosida ish olib borilmoqda.

Davlat xizmatchilarining “yuqoridan-pastga” tushib ishlashi o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Birgina 2022-yilning yakuni bilan viloyatda murojaatlar soni 41 foizga kamaydi.

Halqimizning hayot darajasi va turmush sifatini yaxshilash, ijtimoiy muammolarni yechish, xotin-qizlar va yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularni ish o‘rinlari va uy-joy bilan taʼminlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarda - mahalla institutining roli va nufuzi tobora ortmoqda.

Fursatdan foydalanib, mahalla raislari va faollarini, nuroniylarni, opa-singillarimizni, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilarini samimiy tabriklab, ularga el ardog‘ini tilayman.

Hurmatli do‘stlar!

Keng jamoatchilik, vohamiz ahli huzurida oldimizda turgan muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tsam:

2023-yil “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” da maktabgacha va maktab taʼlimi, professional taʼlim, oliy o‘quv yurtlarini rivojlantirish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash – barcha ishlarimizning o‘zagi bo‘ladi.

Zamon bilan hamnafas bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash, ularni bilim, ilm bilan quvvatlantirish, har bir o‘g‘il-qizni o‘z farzandimiz deb bilib,  kelajak sari yo‘naltirish – pirovard maqsadimizdir.

Fursatdan foydalanib, taʼlim sohasi fidoyilariga, aziz o‘qituvchi murabbiylarga murojaat qilib, bu yo‘lda fidoyilik, jasorat va millatsevarlik bilan mehnat qilishga daʼvat etaman!

O‘g‘il-qizlarimizni kamida ikkita tilni mukammal bilishi, kasb-hunarli bo‘lishi, IT texnologiyalaridan unumli foydalanishi uchun zarur imkoniyatlarni, shart-sharoitlarni yaratamiz.

Qizlar taʼlimiga alohida eʼtibor qaratamiz. Bu orqali, agar ayol ziyoli bo‘lsa, farzandlari albatta vatanparvar bo‘ladi, degan tamoyilni bajarilishiga erishamiz.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish, yangi sanoat loyihalarini joriy etish – ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Albatta, ushbu ishlarni amalga oshirishda tadbirkorlarning kuchiga, ularning tashabbus va yangidan-yangi g‘oyalariga tayanamiz.

Biz hamisha, xalq manfaati uchun mehnat qilayotgan tadbirkorlar tomonidamiz!

Qishloq xo‘jaligida, avvalo, ilmiy yondashuv asosida qatʼiy ish olib borib, “Qashqadaryo tajribasi”ni yaratamiz.

Bugun bobodehqonlarimiz yerga baraka urug‘i qadab, bo‘lg‘usi hosil uchun mehnatni boshlashgan. Viloyat rahbari sifatida barcha qishloq xo‘jaligi xodimlarini, har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida amalga oshirish, zarrasi oltinga teng bo‘lgan suvdan unumli foydalanishga chorlayman.

“Yashil makon” umummilliy loyiha doirasida o‘z hovlisi, tomorqasidan samarali foydalangan, ko‘chat ekib, bog‘ yaratgan, yon atrofni obod va fayzli qilgan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlayman.

Yana bir muhim masala, xalqimizning salomatligini asrash va muhofaza qilish doimiy eʼtiborimizda bo‘ladi. Tizimli asosda tibbiy ko‘riklarni tashkil qilish, sog‘lom turmush tarzini joriy etish, yoshlar, ayniqsa ayollarimizning salomatligini muhofaza qilish ishini yuksak eʼtibor bilan olib boramiz.

Qadrli vatandoshlar, aziz do‘stlar!

Joriy yilning 30-aprel kuni xalqimizning xohish irodasining yorqin ifodasi sifatida - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum bo‘lib o‘tadi.

Yangilanayotgan Konstitutsiya - O‘zbekiston rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zaruriyat, unda xalqimizning orzu istaklari, har bir fuqaroning manfaatlari, ertangi kuni, kelajagi o‘z ifodasini topgan.

Buni teran his qilgan holda, amalga oshirilayotgan islohotlarning shiddatli o‘zanida siz va biz uyg‘oq nigoh, pok niyat hamda halol mehnat bilan hissa qo‘shishimiz -  farzandlik burchimizdir.

Aziz umumxalq sayllarini nishonlayotgan vohadoshlar!

Yana bir bor, barchangizni Navro‘z bayrami bilan muborakbod etaman. Hamisha marrani baland olib yashash, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish – oliy maqsadingiz bo‘lsin!

Aziz otaxon va onaxonlarimizning umrlari ziyoda bo‘lsin. Yurtimiz yoshlarining baxti iqboli kulsin.

Vatanimiz tinchligiga ko‘z tegmasin!

Navro‘z diyorimizga fayzu baraka olib kelsin. Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz vatandoshlar!

21-03-2023 |
Foto galereya