Qarshidagi “Geolog” sport majmuasida “Sevinch” ayollar futbol maktabi ochilish marosimi hamda “FIFA womenʼs football campaign” festivali boʻlib oʻtdi. Futbol maktabi ochilish marosimida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-Prezidenti Ravshan Sayfitdinovich Irmatov, Oʻzbekiston futbolchilari uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoyevlar tadbir mehmoni sifatida ishtirok etishdi. 

Ochilish marosimida dastlab Ravshan Irmatov soʻzga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan futbolga katta eʼtibor qaratilayotgani va buni natijasi oʻlaroq viloyatimizda katta hajmda ishlar amalga oshirilganini eʼtirof etdi va buning uchun Qashqadaryo viloyati rahbariyati xususan “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” rahbariyatiga oʻz minnatdorchiligini bildirib oʻtdi. Oʻzbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoyev ham Qashqadaryoda futbol uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan boshqa viloyatlarga ham oʻrnak boʻlayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Tadbirda “Nasaf” va “Sevinch” jamoalari prezidenti Shuhrat Aslanov ham soʻzga chiqib, “Sevinch” jamoasi oʻzbek futbolida oʻz oʻrniga ega jamoa ekanligini , bu jamoa oʻzbek ayollar futboli uchun muhim oʻrin egallaganini, bu olib borilayotgan ishlar oʻzbek futboli kelajagi uchun amalga oshirilayotganini taʼkidlab oʻtdi.

Futbol maktabi ochilishida “Nasaf” jamoasi bosh murabbiyi Roʻziqul Berdiyev va Marko Stanoyevichlar ham boʻlgʻusi futbolchilarga omad tilashdi.

“Sevinch” ayollar futbol maktabi 50 oʻringa moʻljallangan boʻlib, bu dargohda yurtimizning turli hududlaridan isteʼdodlar jalb qilinadi. Mahalliy futbolchilar esa mashgʻulotlarga uylaridan qatnashadi.

 

"Nasaf" futbol klubi matbuot xizmati

24-06-2023 |
Foto galereya