Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism va muassasalarda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida davra suhbatlari, uch avlod uchrashuvlari va to'garaklar faoliyati muntazam ravishda yo'lga qo`yilib, o'tkazilib kelinmoqda. Bu borada O'zbekiston Respublikasi Oliy harbiy Aviatsiya bilim yurtida ham samarali ishlar tashkil qilingan.

Samo lochinlari tahsil olayotgan bilim yurtida ham yoz mavsumida o'quvchi - yoshlarni bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazishlari uchun turli sohalarga mo'ljallangan to'garaklar faoliyati yo'lga qo'yilgan. Mazkur to'garakda yoshlar 4 ta,  robototexnika, аviamodel, kompyuter dasturlash va musiqa kabi yo'nalishlar bo'yicha malakali mutaxassislardan bilim va ko'nikmalarni egallashmoqda. Har bir mashg'ulotlar esa eng so'nggi innovatsion texnologiyalar yordamida olib borilmoqda.

Shuningdek,  o'tkazilayotgan mashg'ulot yakunida o'quvchilarning olgan bilimlarini mustahkamlash maqsadida savol-javob tarzidagi qiziqarli mashqlar ham tashkil etilib, faol qatnashgan o'quvchilar munosib taqdirlanishmoqda.

- Men yozgi ta’til kunlarim davomida mana shu bilim yurtiga kelib to'garaklarda ishtirok etаyapman. Bunda men aviamodel yo'nalishini tanladim. Mashg'ulotlar juda qiziqarli o'tilmoqda. Biz esa do'stlarimiz bilan birgalikda ko'plab bilimlarga ega bo'lyapmiz. Bundan tashqari bizga bu erda kursantlarning hayoti va yashash sharoitlari ham  katta qiziqish uyg'otdi. Ular bilan bo'lgan suhbatlarlardan so'ng menda ham uchuvchilik kasbiga bo'lgan qiziqishim yanada oshdi,- deydi to'garak qatnashchisi Qarshi shahrilik Baxtbek Rahmonov.

- Sanat sohasiga qiziqqanligim bois shu yerdagi harbiy orkestr jamoasida o'z iste’dodimni yanada yuksaltirishni maqsad qildim. O'zim sevgan kasb bo'yicha bilim olayotganimdan juda ham mamnunman. Bu uchun ustozimiz bilim yurti harbiy orkestr rahbari kichik serjant Jahongir Jamilovga o'z minnatdorchiligimni bildiraman, - deydi to'garakning yana bir ishtirokchisi yakkabog'lik Jamshid Muzaffarov.

Albatta bu kabi to'garaklarning mazmunli va qiziqarli tashkil etilishi yoshlarda ona Vatanga sadoqat hissini yanada oshirib, kelajakda el-yurtiga munosib xizmat qilish mas’uliyati va ishtiyoqini yanada oshirishi shubhasiz.

 

Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati

08-07-2023 |
Foto galereya