Barchamizga maʼlumki, yurtimizda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash va xalqimizning bu boradagi ko‘p yillik orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan va aholining o‘z ishtiroki bilan g‘oliblar aniqlanadigan tizim openbudget.uz portali bugun ko‘plab muammolarga ochiq va shaffof yechim bo‘lmoqda.

Bugun ayni shu ishlarning davomi sifatida yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Qashqadaryoda ham amaliy ishlar davom etmoqda. Xususan, prezidentimiz takliflari bilan openbudget.uz portali orqali loyihalarni tanlab olishda faol bo‘lgan mahallalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha katta ishlar bajariladigan bo‘ldi.

Jumladan, 2023-yil o‘tkazilgan "Mening yo‘lim" dasturi doirasida viloyatimizda har biri 1,5 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 98 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 121 mlrd. so‘m mablag‘, xuddi shunday joriy yil birinchi mavsumda o‘tkazilgan "Tashabbusli byudjet" jarayonlarida ham har biri 1,5 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 30 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 32 mlrd. so‘m mablag‘lar yil oxiriga qadar ajratiladi.

Maʼlumot uchun, avvalroq prezident topshirig‘i bilan "Tashabbusli byudjet" jarayonlarining 2023-yil 1-mavsumida ishtirok etib, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 128 ta loyihani amalga oshirish uchun Qashqadaryoga qo‘shimcha 141 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan edi.

 

Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati.

14-06-2023 |
Foto galereya