Qarshi shahrida joylashgan "Alisher Navoiy" nomidagi istirohat bog‘ida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, "Yoshlar saylgohi" hududi tashkil etildi. Bog‘ning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Istirohat bog‘idagi 500 metr ichki yo‘llar asfalt qilinib, 1 kilometrdan ortiq beton qoplamali piyodalar yo‘lakchasi qurildi hamda 1600 metr kv. maydonga shaklli g‘ishtlar yotqizildi.

Istirohat bog‘iga sayrga va dam olishga keluvchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida eni 20 metr, balandligi 8 metrli sunʼiy sharshara barpo etildi. 100ga yaqin o‘rindiqlar va 50 dona chiqindi yashiklari o‘rnatildi. Hudud aholi, ayniqsa, yoshlar xavfsizligi uchun 27 dona 360 gradusli kameralar orqali kuzatuv tizimiga o‘tkazildi. Bundan tashqari 115 ta quyosh panelli tungi yoritgichlar o‘rnatildi.

Kecha hududda bir nechta obyektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, 76 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy mehmonxona, 2 ta mini futbol maydoni, 1 ta tennis korti, 1 ta barcha qulayliklarga ega zamonaviy kutubxona, 2 ta o‘quv markazi va va yoshlar uchun “Oqshom kafesi”ning qurib, foydalanishga topshirilishi shahrimiz aholisi hamda mehmonlar uchun haqiqiy bayramga aylandi.

Ochilish marosimlari davomida sport turlari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi. Shuningdek, 30 nafar chin yetim yoshlarga davlatimiz tomonidan uy-joylar kalitlari topshirildi. Yoshlar Prezidentimiz topshiriqlari ijrosini taʼminlashda jonbozlik ko‘rsatayotgan viloyat hokimiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Mazkur obyektlarning tantanali ochilish tadbirlarida viloyat hokimi Murotjon Azimov, Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev, viloyat tashkilotlari rahbarlari, shahar sektorlari rahbarlari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar va OAV xodimlari ishtirok etdi.

08-06-2023 |
Foto galereya