Yurtboshimizning bundan to‘rt yil ilgari “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini imzolashlari mamlakatimizda iqtidorli bolalarni aniqlash, taʼlim jarayonida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda ularni o‘qitish va tarbiyalash bo‘yicha yaxlit tizim yaratilishiga asos bo‘lib, bugun prezident maktabida o‘qish va uning bitiruvchisi bo‘lish – bu sharaf hamda katta masʼuliyatdan darakdir.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining hamisha “Najot — taʼlimda, najot — tarbiyada, najot — bilimda, chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”,- deya taʼkidlashlari ham yurtimizda taʼlim sifatini oshirish, yetuk va malakali kadrlar tayyorlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratib kelinayotganidan dalolat beradi.

Birgina Qarshi shahridagi Prezident maktabiga kirish imtihonlarida 1 ta o‘ringa o‘rtacha 150-170 nafardan talabgorning to‘g‘ri kelishi Qashqadaryoda ham sohaga bo‘lgan eʼtibor natijasidir. Bu esa ushbu dargohda taʼlim olayotganlar va ularning yaqinlariga katta g‘urur bag‘ishlaydi.

Mazkur zamonaviy, ko‘rsa ko‘z quvnaydigan maktabda tahsil olayotgan 167 nafar o‘quvchilar uchun jahon standarti talablariga mos jihozlangan o‘quv, laboratoriya, IT xonalari, ochiq va yopiq turdagi sport maydoni, suzish havzasi, 168 o‘rinli yotoqxona, oshxona hamda tibbiy xizmat xonalari mavjud bo‘lib, darslar O‘zbekiston Respublikasi umumiy o‘rta taʼlimning davlat taʼlim standartlari va Kembridj xalqaro baholash tashkilotining moslashtirilgan dasturlari asosida 29 nafar mahalliy va 7 (4 nafar Filippin, 1 nafar Keniya, 1 nafar Janubiy Afrika Respublikasi va 1 nafar Buyuk Britaniya) nafar xorijiy ustozlar tomonidan olib boriladi.

Bundan tashqari dargohda “Aktyorlik mahorati”, “Musiqa”,  “Robototexnika”, “Eko maktab”, “Yosh tarixchilar”, “Matematika”, “IELTS” to‘garaklari kabi darsdan keyingi qo‘shimcha mashg‘ulotlar akademik va noakademik tartibda tashkil etilgan bo‘lib, bu orqali o‘quvchilarning bilim va istedodlari yanada mustahkamlanmoqda.

Qisqa fursat ichida bu maktab o‘quvchilari ham o‘z natijasini ko‘rsatib, bugun mazkur o‘quv dargohining birinchi bitiruvchilari katta hayotga zamonaviy bilim va yuksak natijalarga erishgan holda munosib tarzda kirib borishmoqda.

Bugun nafaqat bu yoshlar, balki ularning ota-onalari va o‘qituvchilari uchun ham hayajonli hamda quvonchli kun bo‘lib, 24 nafar bitiruvchining barchasi bir emas, bir qancha yutuqlarga erishdi.

Xususan, hozirning o‘zidayoq maktabning 18 nafar bitiruvchilari muddatidan avval talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan bo‘lsa, quvonarlisi ularning 7 nafari dunyoning eng TOP-500 talik oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan. Shuningdek, ularning barchasi xorijiy tillarni bilish bo‘yicha xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritishgan.

Shu munosabat bilan, yaʼni Qarshi shahridagi prezident maktabida “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” shiori ostida “So‘ngi qo‘ng‘iroq” tadbiri o‘tkazildi.

Tantanali kechada viloyat hokimi Murotjon Azimov ham ishtirok etib, qadrdon maktab, mehribon ustozlar bilan xayrlashib, hayotning yangi bosqichiga  qadam qo‘yayotgan yurtimizning ertasi bo‘lgan yoshlarni samimiy qutlagan holda ularning ota-onalariga murojaat qilar ekan farzandlarining iqboli va yorqin kelajigini ko‘rish, ularning taʼlimi-tarbiyasiga investitsiya kiritish orqali kelajakda xalqimiz uchun yetuk kadrlar bo‘lishini tilab qoldi.

Shu bilan birga, yoshlarimizning yonib turgan ko‘zlari va qalbidagi g‘ayrat shijoatini ko‘rib, akademik shoir G‘afur G‘ulomning: Siz axir osmonni olmoq bo‘lsangiz, Ne uchun yelkamni tutib bermayin? – degan otashin satrlarini ilhomlanib keltirdi viloyat hokimi.

Tadbir davomida turli madaniy va maktab bitiruvchilari tomonidan sahnalashtirilgan chiqishlar namoyish etildi.

16-06-2023 |
Foto galereya