Assalomu alaykum, aziz do‘stlar!

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriylar, jurnalist va blogerlar!

So‘zim avvalida barchangizni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman. Yuksak ehtiromimni hamda ezgu tilaklarimni bildiraman.

Bugun mamlakatimiz bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun!” g‘oyasini tatbiq etish yo‘lida izchil islohotlar olib borilmoqda. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli tobora ortib borayapti. Respublikada qo‘lga kiritilgan eng katta yutuqlardan biri bu albatta, davr talabi bo‘lgan - oshkoralik va so‘z erkinligidir.

Jamiyat qurilishi, demokratik yangilanishlar, barkamol inson tarbiyasi, xalq farovonligi, ma’naviy-ma’rifiy yuksalishlarni amalga oshirish - ana shunday keng qamrovli ishlarda har bir vatandoshimizning ishtirokini ta’minlash borasida soha vakillarining naqadar zalvorli mehnati borligini barchamiz chuqur his etayapmiz.

Atrofda yuz berayotgan yangiliklarning, ezgu g‘oya va tashabbuslarning mazmun-mohiyatini aholiga tezkorlik va xolislik bilan yetkazadigan, hayotning qaynoq nuqtalariga jasorat bilan kirib boradigan soha vakillari sharafli va mashaqqatli faoliyati bilan yurtimiz taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shmoqdalar.

Bugun matbuot xodimlari, jurnalist va blogerlar xalqimiz kutgan mavzularda yozib, joylarda yechimini kutayotgan ijtimoiy muammolar, kamchiliklarga davlat idoralari va jamoatchilik e’tiborini jalb etayotganini alohida aytib o‘tishim kerak. Bu esa davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda ko‘zlangan samarani bermoqda. Sirasini aytganda, rahbar xodimlar matbuot bilan hamkorlikning afzalliklarini sezishyapti. Matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etilib, sohalar kesimida olib borilayotgan ishlarga nazar solinmoqda, tahlil qilinyapti. Hayotimizdagi muammo va hodisalarga tezkorlik bilan munosabat bildirilmoqda, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, mobil messenjerlardagi sahifalar orqali odamlarga ma’lumot berilmoqda.

Davlatimiz rahbari ta’kidlagani kabi: Axborot va matbuot erkinligi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi – Yangi O‘zbekistonning sifat ko‘rsatkichlaridan biriga aylandi.

Ayni kunda Qashqadaryo viloyatida 38 ta gazeta, 4 ta jurnal, 2 ta televideniye va 2 ta radio faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari vohamizda 70 dan ortiq matbaa korxonalari, 8 ta nashriyot faoliyat yuritib kelayapti. Matbuot va OAV sohalarida 500 ga yaqin soha xodimlari ish olib borishmoqda.

Vohamizning otaxon gazetasi “Qashqadaryo” gazetasi 97 yillik tarixiga ega bo‘lib, bu ulug‘ dargohda ustoz jurnalistlar Samar Nurov, Xosiyat Lutfullayeva, Geldi Berdiyev, Samad Qodirov, Suvon Soqiyev, Ro‘zi Nurmatov, Aleksandr Sosnin, Ahror Samariddinov, Po‘lat Gadoyev, Muso Karomov, Sayyora Zoirova, Muzayyam Muyinova, Narzulla Ravshanov kabi soha vakillaridan fidoyilik, jonkuyarlik saboqlarini olgan shogirdlar bugun ular ishini astoydil davom ettirishmoqda.

Qashqadaryo radiosiga tamal toshini qo‘ygan, 35 yil shu dargohda rahbarlik qilgan, ustoz jurnalist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Qurbon Egamberdiyev boshlab bergan radio maktabining jarangdor ovozi bugun ham qalblarga so‘z sehri orqali ilm, bilim berib kelmoqda.

1995 yilda o‘zining dastlabki ko‘rsatuvlarini efirga uzatgan viloyat televideniyesining rivojlanishi, telemarkaz binosining qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan ustoz, jurnalist Husan Temirovning mehnatlarini alohida tilga olib o‘tmoqchiman.

Bugungi axborot asrini internetsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois hayotimizga jadallik bilan kirib kelgan internet jurnalistikasi va blogerlik ham odamlarning yaqin hamkoriga aylandi. Bu borada ham vohamiz vakillari respublikada o‘ziga xos nufuzga egadirlar. O‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari bilan ko‘plab muxlislariga ega bo‘lgan blogerlar Husan Komiljonov, Umid Karimov, Javohir Baxtiyorov, Umid Normuratov, Azizbek Yazdurdiyev nomini ko‘pchilik yaxshi biladi. Ular odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan yoritish, mas’ullarga yetkazish va uni hal etishda xalq bilan hamnafas bo‘lib ish yuritishmoqda.

Shu o‘rinda davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan tashkil etilgan va bugun o‘z samarasini ko‘rsatayotgan yana bir soha – matbuot xizmati xodimlari mehnatini ham alohida tilga olib o‘tish joiz deb bilaman. Viloyat miqyosida 37 ta tashkilot va mahalliy hokimliklarda mazkur xizmat samarali tashkil etilgan bo‘lib, Gulnora Uzoqova, Nuriddin Egamov, O‘lmas Baratov, Mirzohid Jo‘rayev, Otabek Qo‘ldoshev, Dilshod Nabiyev va Qahramonjon Oqilovlar kabi soha xodimlarining o‘ziga xos ish uslubi, mavzuga yondashuvi qisqa fursatda ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan.

Viloyat fotojurnalistikasi sahifalarini o‘z ijodiy ishlari bilan boyitib kelayotgan Murodulla Komilov, Shomurod Sharopov, Sobir Narziyev hamda Jamshid Norqobilovlarni chin ma’noda viloyatning tarixiy lavhalarini suratlarda muhrlab kelayotgan nigohi o‘tkir soha xodimlari desam, mubolag‘a qilmagan bo‘laman.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan xalqimiz yangi uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan. Ayni kunlarda xabaringiz bor, yurtimizning taraqqiyot bosqichiga mos va xos bo‘lgan Yangi O‘zbekistonning Yangi Konstitusiyasini takomillashtirish borasida aholi bilan fikrlashilmoqda. Ayni bu jarayonda matbuot va OAV lari bog‘lovchi ko‘prik, takliflarni bildirishda minbar vazifasini o‘taydi.

Xabaringiz bor, bugun muhtaram Prezidentimizning "Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni e’lon qilindi. Mukofotlanganlar orasida viloyat teleradiokompaniyasi ijodiy muharririyat bosh muharriri Gulchehra Aliqulovaning borligi, bu albatta qashqadaryolik ijodkorlarga bildirilgan ishonch va ehtirom ekanini aytib o‘tmoqchiman. Ushbu yutuq bilan teleradiokompaniya jamoasini va jurnalistni qizg‘in tabriklaymiz.

Elimiz hamisha ijodkor, jurnalistlardan azmu qat’iylik bilan ish tutishni, so‘zni qadrlashni, xolis va haqqoniy bo‘lishni, ta’lim-tarbiya ishiga munosib hissa qo‘shishni, milliy tiklanishdan, milliy yuksalish sari dadil odimlashda yelkadosh bo‘lib ilgari borishni kutmoqda. Bu yo‘lda tinim bilmay ishlayotgan, halovatidan kechib mehnat qilayotgan, o‘quvchi, tomoshabin, tinglovchiga fikr berish orqali tafakkur tarbiyasiga ulush qo‘shayotgan ma’rifatli qalb sohiblariga, soha xodimlariga ehtiromimni bildiraman.

Hurmatli matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Sizlarni bayramingiz bilan yana bir bor muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, oilangizga fayzu baraka tilayman. Elimizning olqishini olib, mehnatlaringiz rohatini ko‘ring. Kasbingizdan baraka toping.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

28-06-2022 |
Foto galereya