Assalomu alaykum, hurmatli vohadoshlar!

Aziz tadbirkorlar!

Maʼlumki muhtaram yurtboshimiz rahnamoligida “Yangi O‘zbekiston”ni barpo qilish maqsadida barcha sohalarda katta-katta marralarni ko‘zlab, izchil islohotlar olib borilmoqda. 

Xususan, viloyatimizda ham 2023-yilda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmini 59 trln.so‘mga yetkazish va 5,6 foizga o‘sishini taʼminlash maqsadida, 24 trln. so‘m sanoat mahsulotlari, 31 trln.so‘m qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish va 20 trln.so‘m xizmatlar ko‘rsatishni amalga oshirishimiz lozim.

Bundan tashqari 325 mln. dollar hajmidagi mahsulotlarni eksport qilish, 11 trln.so‘m investitsiyalar evaziga 840 ta investitsion loyihani ishga tushirish, 440 ming nafar aholining bandligini taʼminlash kabi yuksak marralarni oldimizga vazifa qilib qo‘yganmiz.

Muhtaram Prezidentimizga katta rahmat aytishimiz kerak, joriy yil 3-fevral kuni Qashqadaryo bo‘yicha alohida qarorni imzolab berdilar.

"2023-2025 yillarda Qashqadaryo viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yana-da yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-44-sonli qaror viloyatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat, masalan hisob-kitob qilganimizda 160 ming aholini bandligini taʼminlashga xizmat qiladi. 

Yuqorida aytib o‘tilgan vazifalarni bajarishda albatta, Sizlarni ko‘magingizga tayanamiz va barcha islohotlarni tadbirkorlar bilan birgalikda amalga oshiramiz!

Hurmatli tadbirkorlar!

Joriy yil qishda bo‘lib o‘tgan anomol sovuqda ishlab chiqarish korxonalari hamda aholining energiya taʼminotidagi uzilishlar, bu sohani tubdan isloh qilish zarurligini yaqqol ko‘rsatdi.

Bahor, yoz va kuz oylarida bitta xonadonning bir sutkalik o‘rtacha isteʼmoli 4,2 KVt.soatni tashkil etgan bo‘lsa, sovuq kunlarda bu ko‘rsatkich 1 yarim, 2 barobarga oshdi.  

Albatta ko‘plab tadbirkorlarimiz sovuq tufayli jiddiy talafot ko‘rdi, shuning uchun muhtaram Prezidentimizning 2023-yil 3-fevraldagi (PQ 43-sonli) qarori bilan soliq, bank kreditlari, ijara to‘lovlarini kechiktirib to‘lash bo‘yicha juda katta imtiyozlar taqdim qilindi.

Energetika sohasini isloh qilish deganda, hurmatli Prezidentimizning bir necha marotaba muqobil energiya, ayniqsa, quyosh panelidan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha bergan topshiriqlari naqadar to‘g‘ri ekanligi o‘z isbotini topmoqda.

Haqiqatdan ham, tahlil qiladigan bo‘lsak bundan 15-20 yil oldin bir xonadonda bitta televizor bo‘lar edi yoki konditsioner sanoqli odamlarni uyida bor edi.  

Hozirchi, aholini yashash sharoitlari kundan-kunga yaxshilanib borayotganligi hisobiga, deyarli barcha xonadonlarda 2-3tadan televizor, konditsioner, sovutgich, soch quritgich, elektromotor, ariston yoki esini tanigan barchani qo‘lida telefon bor.

Buning hammasi elektr energiyasiga bo‘lgan talabni keskin oshishiga olib keladi. 

Masalan, so‘nggi besh yilda viloyatimizda xonadonlar  soni 160 mingga ko‘paygan, korxonalar soni esa 29 mingdan 42 mingga yetgan.

Shuni oshkora aytish mumkinki, yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining mavjud quvvatlari aholining energiya resurslariga nisbatan ortib borayotgan kunlik talab-ehtiyojni to‘liq darajada taʼminlay olmaydi. Ayni paytda mamlakatimiz iqtisodiyotining energiya sarfi hajmi rivojlangan davlatlardagi o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha yuqoridir.

Quyosh energiyasini ishlab chiqarish va undan foydalanish bo‘yicha xalqaro tajribani ham o‘rganib chiqdik.

Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, jahonda quyosh energiyasi ishlab chiqarish 1990-yilga nisbatan 2022-yilda o‘rtacha 22 foizga o‘sgan. 2023-yilda butun jahonda ishlab chiqiladigan quyosh energiyasi miqdori 1 mln. megavattdan oshishi kutilmoqda.

Quyosh energiyasi ishlab chiqishda Xitoy (340 000 megavatt), AQSH (102 900 megavatt), Yaponiya (78 500 megavatt), Germaniya (62 000 megavatt) va Hindiston (57 000 megavatt) davlatlari yetakchilik qilmoqda.

Quyoshli kunlar Germaniyada o‘rtacha 136 kun, Yaponiyada 167 kunni tashkil qilsada, ishlab chiqarilgan elektr energiya isteʼmolining 10 foizi quyosh energiyasi hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonda esa quyoshli kunlar soni 300 kundan ko‘p bo‘lishiga qaramay, statistik maʼlumotlarga ko‘ra 2022-yilda 101 megavatt yoki 0,001 foiz quyosh energiyasidan foydalanilgan xolos.

Geografik joylashuviga ko‘ra aynan quyoshli Qashqadaryo viloyatida quyosh fotoelektr batareyalaridan foydalanib, katta quvvat elektr energiya olish imkoniyati mavjud ekan.

Viloyatda bu sohani rivojlantirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.

Xususan, 2022-yilda 177 ta obyektda quyosh panellari hamda 371 ta obyektda quyosh suv isitish uskunalari o‘rnatildi.

Ushbu tadbirlarga 20 mlrd.so‘m mablag‘ yo‘naltirildi va bir yilda 8,7 mln.KVt.soat yoki 3,9 mlrd.so‘m elektr energiyasini iqtisod qilish imkoniyati yaratildi.

2022-yilda mahalliy byudjetning orttirilgan qismidan quyosh panellari va quyosh suv isitish uskunalarini o‘rnatish maqsadida 7,8 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.

Masalan, viloyat hokimligi binosiga 900 mln so‘m mablag‘ evaziga 70 kvt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi. Buning natijasida o‘tgan bir oyda 25 200 kvt elektr energiya ishlab chiqilib, 11 mln 340 ming so‘m iqtisod qilindi.

Umuman viloyatimizda 740 mingga yaqin (692 mingta aholi va 48 mingta yuridik) elektr energiyasi isteʼmolchilari mavjud bo‘lib, ularning yillik isteʼmoli texnik yo‘qotishlar bilan birgalikda 6553 mln.KVt.soatni tashkil qiladi.

Jumladan, sohalar kesimida neftgaz korxonalarining isteʼmoli 621mln.KVt.soat, suv xo‘jaligi tizimidagi (KMK) nasoslar 2175mln.KVt.soat, boshqa yuridik tashkilotlar 2317mln.KVt.soat hamda aholi isteʼmoli 1440mln.kVt. soatni tashkil etadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023-yilda viloyat bo‘yicha isteʼmolga nisbatan 311 mln.KVt.soat elektr energiyasi yetishmovchiligi, yaʼni defitsit kutilmoqda.

Hurmatli tadbirkorlar, xabarlaringiz bor muhtaram Prezidentimizning vodiy viloyatlariga tashrifi davomida asosiy eʼtiborni muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga qaratdilar.

Sababi, barqaror energiya taʼminotidan oddiy aholidan tortib, tadbirkorlar, yirik sanoat korxonalari barcha-barchamiz manfaatdormiz.

Kelajakda bu sohani rivojlantirish orqali biz yangidan yangi loyihalar ustida ishlaymiz, barqaror taraqqiy etamiz!

Shuning uchun murojaat qilishimizdan maqsad:

birinchidan, muhtaram Prezidentimizning siyosatlarini birgalikda qo‘llab-quvvatlashimiz kerak;

ikkinchidan, kelgusida muqobil energiya manbalarini rivojlantirish va quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha sizlar aholiga o‘rnak va targ‘ibotchi bo‘lishlaringiz lozim.

Murojaatga, el orasida obro‘-eʼtiborli, o‘zining o‘rniga va so‘ziga ega bo‘lgan, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosatni to‘g‘ri tushunadigan tadbirkorlarni jalb qildik.

Shu bois, murojaatda quyosh panellari o‘rnatish tashabbusini bildirgan, davlat tashkilotlari, sanoat korxonalari, avtomobillarga yoqilg‘i qo‘yish shoxobchalari, umumovqatlanish korxonalari supermarketlar, xususiy klinika va o‘quv markazlari, dorixonalar va boshqa xizmat ko‘rsatish subyektlarining rahbarlari ishtirok etmoqdalar.

Hurmatli vohadoshlar.

Joriy yilda 69,3 MVt kichik quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatish orqali bir yilda qo‘shimcha 77,4 mln.KVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishni taʼminlash bo‘yicha juda katta marrani vazifa qilib olganmiz.

Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (A.Qodirov)ga bu bo‘yicha alohida va aniq vazifalar belgilanadi.

Bunda quyosh panellari o‘rnatiladigan obyektlarni 3 ta kategoriyaga bo‘lib oldik va barcha subyektlar bo‘yicha yillik isteʼmolidan kelib chiqib, nomma-nom rejasi belgilandi.

1-kategoriya. 495 ta ijtimoiy soha va boshqa byudjet idoralariga jami 7,4 MVt quvvatli hamda davlat ulushi 51 foizdan yuqori bo‘lgan 495 ta korxonada 4,5 MVt quyosh panellari o‘rnatiladi. Bunda 120 mlrd.so‘m atrofida mablag‘ zarur bo‘ladi, moliyaviy manbasi mahalliy byudjet va tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.   

Ijtimoiy soha tashkilotlari tomonidan quyosh panellari o‘rnatilishiga viloyat - Moliya boshqarmasi boshlig‘i (F.Yusupov) masʼul qilib biriktiriladi.

Sog‘liqni saqlash (B.Teshayev), Xalq taʼlimi (B.Baysunov), Maktabgacha taʼlim (S.Donayev) hamda boshqa byudjet tashkilotlari bu masalada Fayzulla Yusupovga yordamchi bo‘ladi.

Davlat ulushi 51 foizdan yuqori bo‘lgan barcha korxonalar va tashkilotlar tomonidan quyosh panellarini o‘rnatilishini – Davlat aktivlarini boshqarish agentiligi viloyat boshqarmasi (Sh.Bo‘riyev) muvofiqlashtiradi.

2-kategoriya. 3 mingdan ziyod tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda  jami 57 MVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilishini taʼminlashimiz lozim

Albatta bu ishlar tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari va bank kreditlari hisobidan amalga oshiriladi.

Bu sohalarni ham ega-kesimini qilib, javob beradigan aniq masʼullarni biriktirganmiz.

Hususan, tadbirkorlik yo‘nalishida Savdo sanoat palatasi rahbari (N.Ochilov) umumiy muvofiqlashtiruvchi bo‘lsa:

111 ta metan va 268 ta propan va benzin zapravkalarga - “O‘zneftgazinspeksiya”ning hududiy bo‘limi (A.Toshtemirov) hamda “Hududgaztaʼminot” viloyat filiali (G‘.Murodov);

321 ta umumiy ovqatlanish korxonasi, 90 ta supermarket va 26 ta mehmonxonaga - viloyat Davlat soliq boshqarmasi (Sh.Nisbatxonov);

519 ta sanoat korxonasiga – viloyat Investitsiya, sanoat va savdo boshqarmasi (F.Aliboyev);

31 ta bozor 525 ta boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlariga – viloyat Iqtisoiy taraqqiyot boshqarmasi (A.Berdiyev);

600 ta dorixonaga – “O‘zfarmsanoat” agentligining hududiy bo‘limi (S.Xolmatov);

205 ta xususiy klinikaga - viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining birinchi o‘rinbosari (Sh.G‘afforov);

63 ta maktabgacha taʼlim muasassasiga – Maktabgacha taʼlim boshqarmasi (S.Donayev) masʼul qilib biriktiriladi.

3-kategoriya. Viloyatdagi jami 3450 ta aholi xonadonlariga 10,2 MVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatiladi.

Bunda 64 nafar sektor rahbarlari, 1232 nafar viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari, 547 nafar yirik  tadbirkorlar o‘z mablag‘i (yoki bank krediti) hisobidan hamda “Temir daftar”da turgan 1607 nafar oilalarga mahalliy byudjet hisobidan o‘rnatib beriladi.

Albatta aytim o‘tishim lozimki, muqobil energiya manbalarini o‘rnatganlarga davlatimiz tomonidan ham ko‘pgina imtiyozlar berilmoqda.

Masalan, jismoniy shaxslar respublikada ishlab chiqarilgan quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini sotib oladigan bo‘lsa, 3 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib pulini to‘lasa bo‘ladi.

Agar pulini birdan to‘lab sotib olsa, ularga panelni quvvatidan kelib chiqib, 2,1 mln.so‘mdan 15 mln.so‘mgacha kompensatsiya beriladi. Xususan, 5 KVt va undan yuqori o‘rnatsa 15 mln.so‘m kompensatsiya beriladi.

Quyosh panellarini o‘rnatgan xonadonlar 3 yillik mol - mulk va yer solig‘idan ozod qilinadi

Jismoniy shaxslar uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida (15%) Ipoteka bank, Qishloq qurilish bank, Mikrokredit bank, Sanoatqurilish bank va  Xalq banklari tomonidan 5 yilgacha muddatlarda imtiyozli kreditlar beradi.

Yuridik korxonalar fotoelektr stansiya qurib, ishlab chiqargan energiyasini ijtimoiy soha tashkilotlariga 1KVt energiyani 800 so‘mdan, boshqa yuridik isteʼmolchilariga 450 so‘mdan sotadi.

Aholi xonadonlariga qo‘yilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 1 KVt.soati 1000 so‘mdan davlatga sotadi.

Hurmatli Prezidentimiz Namangan viloyatida faollar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda aholi xonadoniga o‘rnatiladigan quyosh panellarini iqtisodiy samarasini sodda qilib tushuntirib berdilar.

Aholi o‘z xonadonida panel o‘rnatsa ehtiyojdan ortiq qismini tarmoqqa sotadigan bo‘lsa, davlat 1 KVt energiyani 1000 so‘mga sotib oladi.

Bizga maʼlumki, jismoniy shaxslar 1 KVt energiya uchun 295 so‘m to‘laydi, demak davlat 3 barobar qimmatga sotib oladi.

Masalan 5 kishilik oila bir oyda 400 KVt.soat elektr energiya isteʼmol qiladi va demak 118 ming so‘m to‘lovni amalga oshiradi.

Agar shu oila 5 KVt.soat quvvatli panel o‘rnatsa oyiga 750 kVt.soat energiya ishlab chiqaradi va isteʼmoldan ortiqcha 350 kVt.soatini 350 ming so‘mga sotadi hamda oylik 118 ming so‘m energiya xarajati ham “yoniga qoladi”. Bu degani bir yilda 5,5-6 mln.so‘m sof daromod qiladi.

Albatta, sizlardan mana shu imtiyozlarni joylarda aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini olib borishlaringizni so‘rab qolaman. 

Hurmatli voha ahli va tadbirkorlar.

2023-yilda mahalliy tadbirkorlar tomonidan 21,7 MVt quvvatga ega bo‘lgan foto elektr stansiyalari (FES) qurish orqali 29,1 mln. KVt. soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish taʼminlanadi.

Masalan, “Poverprof-group” MCHJ (Toshkent viloyatidan ro‘yxatdan o‘tgan) tomonidan Qarshi tumanining “Batosh” MFY hududida quvvati 2 MVt bo‘lgan foto elektr stansiyasi barpo etiladi.

Shuningdek, Muborak tumanidagi “EMJ inter investment” korxonasi (1 MVt) va “QEHENG Muborak” MCHJ (2 MVt) tomonidan quvvati 3 MVt bo‘lgan foto elektr stansiyalarini qurish tashabbusi bildirildi.

Joriy yilda viloyat bo‘yicha 3,5 MVt quvvatli  gidro elektr stansiyalari barpo etiladi hamda 6 MVt kogeneratsiya quvvatlarini yaratish evaziga 18,0 mln.KVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Jumladan, Kitob tumanida “Nature Green Energy” MCHJ tomonidan 450 ming dollar investitsiya hisobiga 300 KVt hamda Ko‘kdala tumanida “Asl barkamol quvvat” XK tomonidan  280 ming dollar evaziga quvvati 185 KVt gidro elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan.

Aziz tadbirkorlar!

Viloyatimizda muqobil energiya manbalarini rivojlantirish, quyosh panellari o‘rnatish, foto va gidro elektr stansiyalari qurish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni to‘la-to‘kis bajarilishini taʼminlash, muhtaram yurtboshimizning oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi uchun “bir musht va yelkadosh” bo‘lib harakat qilishga, viloyat hokimi sifatida Sizlarga murojaat qilaman va bu ishlarga astoydil yondoshishni daʼvat qilaman.

10-02-2023 |
Foto galereya