Assalomu alaykum, aziz do‘stlar! Qadrli jurnalist va blogerlar! Soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan muhtaram faxriylar!

Fursatdan foydalanib  barchangizni 27 - iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman. Mashaqqatli va sharafli kasb ortidan hamisha el duosini olib, eʼzoz topishingizga tilakdoshman.

Bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Barcha sohalar kabi axborot maydonida ham sog‘lom raqobat muhiti tus olayapti. Turli sinov va murakkab sharoitda jamoatchilikning fikrini shakllantirish, g‘oyaga qarshi g‘oya, fikrga qarshi maʼrifat bilan javob berish vazifasi barchamizni, ayniqsa siz ommaviy axborot vositalari xodimlarining oldiga yangidan yangi talab va vazifalarni qo‘ymoqda.

Yon-atrofda ro‘y berayotgan voqeliklarni tahlil qilish, tezkor va haqqoniy yoritish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlashda xolislik, teran nigoh, o‘tkir fikr bilan yondashuv qilishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Ayni shu o‘rinda bir hayotiy haqiqatni aytib o‘tmoqchiman. Axborot maydonida raqobat muhiti keskin rivojlangan bir paytda o‘z so‘zi va fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan, xalq va Vatan manfaati uchun halovatidan kechib hamisha halollik va kasbiy salohiyat bilan faoliyat olib borayotgan soha xodimlarini elimiz juda yaxshi biladi va ularning fidokorona mehnatlarini yuksak qadrlaydi.

Albatta, O‘zbekistonda va viloyatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va qo‘lga kiritilayotgan yutuq va marralarda siz soha xodimlarining munosib hissangiz bor.

Jamoatchilikning fikrini tinglash, ularning ijtimoiy siyosiy jarayondagi faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayapti. Jamiyatda uchrayotgan kamchilik va muammolarni dadil ko‘tarib chiqish orqali aholining murojaat madaniyati shakllandi.  Natijada odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni tezkor o‘rganish va bartaraf etish imkoniyati yaratilmoqda. Mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilayotgan uzoq muddatli dasturlar yurtdoshlarimizning fikri, tashabbuslari asosida ishlab chiqilmoqda. Bu jarayonda siz soha vakillarining salmoqli mehnatingiz va jonkuyarligingiz borligini aytib o‘tishim kerak.

Qadrli tadbir ishtirokchilari!

Bugun viloyatimizda 2 ta telekanal, bitta radio, rasman ro‘yxatga olingan saytlar, blogerlar faoliyat yuritmoqda. Bosma ommaviy axborot vositalarining soni 41 taga yetdi.

74 matbaa korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan 5 yil bilan taqqoslaganda bu ko‘rsatkich  20 taga oshganini ko‘rsatadi. Amalga oshirilayotgan yangiliklarning mazmun-mohiyatini yanada kengroq yoritish maqsadida tizimli asosda press-turlar, seminar-treninglar hamda rahbar xodimlar ishtirokida matbuot anjumanlari tashkil etilmoqda.

2022-yilda jami 260 ta ana shunday tadbir o‘tkazilgan bo‘lsa, ishlab chiqilgan reja, dastur doirasida joriy yilning o‘tgan davrida viloyat miqyosida 130 dan ortiq press-tur va anjumanlar, jurnalist, blogerlarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish maqsadida 12 ta seminar-trening va tajribali soha vakillari ishtirokida 8 ta mahorat darslari o‘tkazildi. Tashkilot, korxonalarda soha xodimlarining samarali faoliyat olib borishi uchun zarur moddiy-texnik bazani yaxshilash, zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Shu o‘rinda muhtaram Prezidentimizning quyidagi fikrlarini keltirib o‘tsam: Jonajon O‘zbekistonimiz o‘z taraqqiyotining yangi va muhim bosqichiga qadam qo‘yayotgan hozirgi davrda media sohasi vakillari — jurnalist va muharrirlar, rejissyor va operatorlar, blogerlar, teleradio kanallar, gazeta va jurnallar, nashriyot va bosmaxona xodimlari Vatanimizning demokratik qiyofasini shakllantirish, uni dunyoga tarannum etishga beqiyos hissa qo‘shib kelayotganini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan,  yangi uyg‘onish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Ayni bu jarayonda xalqimiz sizdan, yaʼni ijodkor, jurnalistlardan azmu qatʼiylik bilan ish tutishni, xolis va haqqoniy bo‘lishni, taʼlim-tarbiya ishiga munosib hissa qo‘shish kabi olijanoblikni kutadi. Bu yo‘lda o‘z halovatidan kechib, kunu tun mehnat qilayotgan, so‘z, tasvir, ovoz, mahoratu, fikr orqali kishilar qalbiga maʼrifat ulashayotgan soha xodimlariga yuksak ehtiromimni bildiraman.

Sizlarni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, ijodiy yutuqlar, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

27-06-2023 |
Foto galereya