Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!

Bugun mamlakatimiz miqyosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning hamda ustuvor yo‘nalishlarning mazmun-mohiyati bizni bir g‘oya atrofida, yaʼni – Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratish maqsadi uchun birlashtiradi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan dunyo ahlining eʼtiborini dolzarb masalalarga qaratib, insoniyatga tahdid solayotgan  uchta inqiroz – iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishini bartaraf etishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdilar.

Yana bir muhim jihati joriy yil 11-oktabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham hurmatli Prezidentimiz tomonidan mazkur masala bo‘yicha bir qator muhim takliflar bildirildi, ustuvor vazifalarni belgiladi.

Jumladan, joriy yilning 25-oktabrdan 1-dekabrga qadar yurtimizda “kuzgi daraxt ekish mavsumi” eʼlon qilindi.

Dono xalqimizda: “Yaxshidan bog‘ qoladi” degan purmaʼno hikmat bor. Oilada farzand tug‘ilsa unga atab ko‘chat ekiladi. Bino, inshoot qurilsa albatta, yonida bog‘ yaratiladi.

Hashar yo‘li bilan yon-atrofni ko‘kalamzorlashtirish, obod qilish –  bebaho   qadriyatimizdir. Hayotimizning ajralmas qismiga aylangan bu kabi ezgu ishlarga hamohang tarzda har bir xonadon tomonidan 20 tup ko‘chat ekish va o‘stirish tashabbusini ilgari suramiz.

Aziz vohadoshlar! Muhtaram nuroniylar, mahalla faollari, soha vakillari va ertamiz egasi bo‘lgan yoshlar!

Barchangizni, butun el-yurtimizni “Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” degan olijanob g‘oyani qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.

Azal-azaldan ko‘chat ekkan, bog‘ yaratgan insonlarga xalqimiz alohida ehtirom bilan qarab, ulug‘lab keladi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha Sohibqiron Amir Temur qayerga borsa, imorat qurdirsa, o‘sha yerda albatta, bog‘ barpo etgan.

“Bog‘i baland”, “Bog‘i dilkusho”, “Bog‘i davlatobod”, “Bog‘i behisht”, “Bog‘i jahonnoma”. “Bog‘i nav” kabi ulkan va xushmanzara bog‘lar haqida, undagi manzaralar haqida bir qator tarixiy asarlarda sanab o‘tilgan. O‘sha davrda ekilgan daraxtlar bugun ham ulkan salobati va manzarasi bilan soya bermoqda, musaffolikni taʼminlayapti. Ezgulikning timsoli bo‘lib ajdodlardan avlodlarga xizmat qilmoqda.

Albatta, quriq joyni obod qilish, ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, bir daraxt kesilsa, o‘rniga o‘nta ko‘chat ekish eldoshlarimizning qon-qoniga singib ketgan. “Obod uyda pok insonlar yashaydi” degan hikmatning maʼnosi tobora yuksak ahamiyat kasb etayapti.

Hadisi sharifda, poklik, tozalik iymonning yarmi ekani aytiladi. Yaxshilik, o‘zidan yaxshi nom qoldirish haqida so‘z ketsa, uning avvalida ko‘chat ekish, bog‘ yaratish, yonimizdagi neʼmatlarni, ona tabiatni asrab-avaylash ishi yuksak maqomda taʼkidlanadi.

Ko‘nglida shu yurtga, ona Vatanga mehri baland inson borki, o‘zidan nimadir yaxshi nom, yaxshi iz qoldirsam deydi. Shu istakda yashaydi. Bunday mehnat va niyatni ulug‘lab buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy shunday yozadi: “Olam maʼmurlig‘i alardin, olam ahli masrurlig‘i alardin. Har qayon qilsalar harakat, elga ham qut yetkurur, ham barakat”.

Maʼlumotlarga qaraganda, bitta daraxt bir yilda o‘zidan 100 kilogramm kislorod chiqaradi. Ammo buncha kislorodni ishlab chiqarishi uchun daraxt uchun katta manba bo‘lishi, u eʼtibor va parvarishda bo‘lishi kerak. Bir nafar inson esa bir yilda 9,5 tonna havoni, kislorod uning 23 foizini tashkil etadi. Bu taxminan bir yilga 740 kilogramm kislorodni tashkil etadi. Bundan shu ko‘rinadiki, har bir insonning to‘liq nafas olishi uchun bir yilda 7-8 dona daraxt xizmat qiladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 mln tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish reja qilindi. Bu rejani amalga oshirish orqali yashil maydonlarning keskin ko‘payishiga erishamiz. Yashillik bor joyda – musaffolik bo‘ladi, atrof-muhit sofligi taʼminlanadi. Ana shu ezgulikni amalga oshirish, munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni birdamlikka chorlab, bu xayrli va savob ishda munosib hissa qo‘shishga chorlaymiz.

Nuroniylarimiz “Birni kessang, o‘nni ek”, deya taʼkidlaydilar. Yaratish, ekish va ko‘klamzorlashtirish ishlari bilan shug‘ullanish ulkan savob, odamiylik husni hamda kelajak avlod uchun yuksak xazina, tuganmas ibratdir!

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatimizdagi mavjud 819 ta mahalla va 13 ming 800 dan ortiq ko‘chalarni obod qilish, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.

2023-yilda ekilishi reja qilingan 16 mln 300 ming dona daraxt va buta ko‘chatlarining 10 mln 264 ming donasi bahor mavsumida ekildi.

Jumlandan,

Iqlim sharoitga mos, suvsizlikka chidamli jiyda, qayrag‘och, shumtol, yapon saforasi, aylant, tut, terak va mevali daraxtlar ko‘chatlari hamda gul nihollari ekishga eʼtibor qaratildi.

Mahallalarda 3 mln 485 ming tup mevali va manzarali daraxtlar, 2 mln 772 ming dona terak qalamchalari va 1 mln 454 ming dona gul ko‘chatlari ekilgan bo‘lsa, ko‘p qavatli uylar atrofida 259 ming tup mevali va manzarali daraxt, 337 ming dona terak qalamchasi va 307 ming dona gul ko‘chatlari qadaldi va namunaviy ko‘chalar tashkil etildi.

“Yashil hududlar” salmog‘ini oshirish maqsadida joriy yilda 55,6 gektar Yashil bog‘lar”, 38,3 gektar “Yashil jamoat parklari”, Yakkabog‘, G‘uzor, Nishon, Kitob, Chiroqchi, Kasbi va Ko‘kdala tumanlaridagi mavjud istirohat bog‘lari negizida 36 gektar jamoat parklari tashkil etildi.

Bundan tashqari, viloyatimizning Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan Muborak, Mirishkor va Nishon tumanlari hududida yashil qoplama tashkil qilindi. Buning uchun 5 ming gektar yer maydonlariga saksovul urug‘lari ekildi.

Ko‘kalamzorlashtirish hududlarida 26 km sug‘orish tarmoqlari va suv chiqarish quduqlari o‘rnatildi va 71 ta yer osti suv chiqarish quduqlari qayta tiklandi. Bu kabi ishlarni sifatli tashkil etish maqsadida, tuman (shahar)lar obodonlashtirish boshqarmalariga 8,6 mlrd so‘m mablag‘ evaziga 12 ta maxsus texnika xarid qilindi.

Kuzatilgan anomal sovuq taʼsirida 61,3 ming dona eldor qarag‘ayi hamda 68,1 ming dona boshqa daraxtlar qurib qoldi.

Ushbu holat takrorlanmasligi uchun hamda ekilgan daraxtlarni saqlab qolish maqsadida viloyatimizda tomchilatib sug‘orish ishlari amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Qarshi-Shahrisabz yo‘lining 11 km qismida ekilgan daraxtlarni asrash maqsadida 5 metr kublik (13 dona) hovuzlar o‘rnatilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi.

Beshkent shahri hududidagi yo‘llar yoqasida 55 ming dona katarantus gullari ekildi, ushbu gullar bahor oyidan – qishgacha yaʼni 9 oy davomida turadi.

2023-yil kuz mavsumida jami 6 mln 947 ming dona daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqildi.

Bunda, olimlar va mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda iqlim sharoitiga mos ko‘chatlar ekish belgilab olindi. Jumladan:

- cho‘l hududlarda issiq garmsel va qurg‘oqchilikka chidamliligi uchun qayrag‘och (gujum), chinor, bodom daraxtlari;

- sho‘rlanishga qarshi chinor va tut ko‘chatlari;

- suvsizlikka chidamli saksovul, yasen (shumtol), aylant va yapon saforasi daraxtlari;

- tog‘li xududlarda dub, igna bargli daraxtlar (archadoshlar) barcha turlari, lola daraxti, yapon saforasi daraxtlari ekilishi hamda to‘liq ko‘karishini taʼminlash uchun tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etilishi rejalashtirildi.

Mavsum davomida 12 ta (26,1 gektar) yashil bog‘lar, 19 ta (30,5 gektar) jamoat parki tashkil etiladi hamda 99 ming dona daraxt ekilib yashil belbog‘lar barpo etiladi.

250 km umumfoydalanuv yo‘llari bo‘yicha 345 ming dona terak ko‘chati ekiladi. Viloyatning cho‘l hududlarida 15 ming gektar yer maydonlariga  cho‘l o‘simliklari (saksovul, cherkiz, qandim) ekiladi.

Fermerlarning dala maydoni atrofida 200 gektar ixota daraxtzorlari tashkil etiladi, 1 mln 52 ming dona tok ko‘chatlari va 1 mln 160 ming dona tut ko‘chatlari ekiladi. 150 km uzunlikdagi yo‘l yoqalari va ariq bo‘ylariga naʼmatak ko‘chatlari va qalamchalari ekiladi.

Hozirgi kunda o‘rmon xo‘jaliklari va ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklar va korxonalarga tegishli bo‘lgan 33 ta ko‘chatxonada 11,2 mln dona ko‘chat qalamchalarning zaxirasi mavjud.

Bundan tashqari, 25 ming dona atirgul qalamchalari tayyorlandi, hozirda 40 ming dona naʼmatak qalamchalarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Namangan viloyatidan tadbirkorlar kelib Qarshi tumanida 2 mln dona gul ko‘chatlari yetishtiryapti. Ko‘chat yetishtirish ishlarida Qarshi davlat univertisetining 200 nafar talabasi javlb etilgan bo‘lib, o‘qishdan keyingi vaqtlarida ishlab, daromad olishmoqda.

Mavsum davomida ekiladigan ko‘chatlarining ko‘karuvchanligini taʼminlash uchun sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan yerlarga hamda yoshi 3 yildan va bo‘yi 1,5 metrdan kam bo‘lgan ko‘chatlarning ekilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Har bir hududga masʼullar biriktirilib, ishlar reja asosida olib borilmoqda. O‘rmon xo‘jaliklari, akademik Mahmud Mirzayev nomidagi ko‘chatchilik ilmiy tadqiqot instituti, ko‘chatchilik xo‘jaliklari  tomonidan ko‘chatlarni yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilning kuz mavsumida  ekiladigan daraxt ko‘chatlarining  turlari va aniq sonlari rejasi ishlab chiqildi.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi 10 ta o‘rmon va  ko‘chatchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar tomonidan mevali va manzarali daraxt hamda buta ko‘chatlarini yetishtirish maqsadida 2023-yilda jami 85 gektar maydonda ko‘chatxonalar tashkil etilib, kuz mavsumida 70 turdan ortiq 12 mln donaga yaqin har xil turdagi daraxt va butalarning nihol hamda ko‘chatlari parvarishlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-46-sonli Farmoni ijrosi yuzasidan viloyatda daraxtlarni ekish va parvarish qilish sohasidagi boshqaruv tizimi tubdan takomillashtirildi.

Jumladan, ilmiy yondashuvlar asosida hududlarning tuproq-iqlim va boshqa xususiyatlarini aniqlashga qaratilgan tadqiqot va tahlillar amalga oshirilib, buning natijasida tuman (shahar)lar kesimida viloyat xaritasi ishlab chiqildi.

Ekilgan ko‘chat va nihollarni parvarish qilish, ularni vaqtida sug‘orish ishi alohida eʼtiborni talab etadigan jarayon. Shu bois, daraxtlarni sug‘orish tizimi qayta ko‘rib chiqilib, har bir daraxtni parvarish qilish uchun masʼul bo‘lgan shaxslar belgilanmoqda.

“Yashil bog‘lar" va "Yashil jamoat parklari"ni tashkil etish, saqlash va rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirish mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari, homiylik va grant mablag‘lari hamda qonunchilikda taʼqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilmoqda.

Ekiladigan daraxt va buta ko‘chatlarining ko‘karuvchanligini taʼminlash uchun sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan yerlarga hamda yoshi 3 yildan kam bo‘lgan ko‘chatlarning ekilishi taʼqiqlanadi.

Viloyatda o‘simliklar dunyosi obyektlari davlat kadastri tomonidan har qanday turdagi daraxtlarning hisobini yuritish hamda ularni biriktirish uchun mana ikki yildirki, "Daraxtlar reyestri" tizimi joriy etilgan.

Aziz vohadoshlar, viloyatimizning faol, fidoyi insonlari!

Qadrli ziyolilar, fan, adabiyot, sanʼat namoyandalari va  sportchilar!

Vatanimizning obod bo‘lishi, gullab-yashnashi hamda taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan ilg‘or tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda har bir vatandoshimizning ishtiroki muhimdir.

Siz kabi el tanigan ijod ahliga, ziyolilar hamda sport yulduzlariga yoshlari doimo havas bilan qaraydi, ergashadi.

“Yangi O‘zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” g‘oyasini keng joriy etishda sizlarda yangi-yangi tashabbuslar, amaliy harakatlar hamda shaxsiy namuna kutib qolamiz!

Moʻtabar onalar, aziz opa-singillar!

Xonadonimiz, mahallamiz fayzu tarovati siz bilan go‘zaldir!

Tabiat ham ona kabi muqaddasdir! Ona va tabiat tushunchalari bir-biriga hamohangdir. Onani qanday eʼzozlasak, tabiatni ham shunday qadrlashni farzandlarimiz ongu shuuriga chuqur singdiraylik!

Toki, zurriyodlarimiz ota-bobolarimiz singari bog‘u bo‘stonlar yaratuvchisi, ona tabiat himoyachisi bo‘lsin! Shundagina tabiatni asl holidek saqlab, uni kelajak avlodga bezavol yetkazishga erishamiz.

“Onalar – yashil makon uchun” g‘oyasining anʼanaga aylanib borayotgani, mahallalarda “Onalar bog‘i” tashkil etilayotgani quvonarlidir. Bu ishlarda mahallalardagi “Oqila ayollar” harakatining ham munosib o‘rni bor. Galdagi vazifamiz – ushbu xayrli tadbirlarni xalqimiz orasida keng yoyishdan iborat.

Aziz yoshlar!

Sizlar Yangi O‘zbekistonning bunyodkor kuchisiz! Xalqimiz ko‘zlayotgan yuksak marralarga erishishda aql-zakovatingiz, g‘ayrat-shijoatingiz, ona Vatanga bo‘lgan sadoqatingiz beqiyosdir.

Ona zaminimizga mehr bering! Nurli kelajak uchun bugundan boshlab o‘z xonadoningiz, ko‘changiz, mahallangizda niholingizni eking, hududda “Yoshlar bog‘i”ni tashkil etishda tashabbus ko‘rsating!

Aslo unutmang, siz O‘zbekiston farzandisiz, sizning hissangiz – bu ota-onangiz, mahallangiz va butun xalqimizning farovonligi uchun xizmat qiladi.

Qadrli yurtdoshlar!

Daraxt ekish va uni parvarishlashni majburiyat emas, qadriyat sifatida qabul qilaylik!

Oldimizda turgan yuksak marra va maqsadlarni amalga oshirish uchun ayni kunlardan harakatni boshlamoq, kuz oylarida sidqidildan mehnat qilish, daraxt ko‘chatlarini ekish bilan birga undirib olish chorasini ko‘rish – chin insoniy vazifamiz va burchimizdir.

Ekologik vaziyatdan kelib chiqib, daraxt ekish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishi bejiz emas. Atrofni yashillikka burkash, ko‘chat ekish, gulu nihollarni ko‘paytirish bu musaffolik, ekologik muhit sofligi hamda ona tabiatga g‘amxo‘rlikdir!

Biz yoshlarimizga muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan, ilgari surilayotgan tashabbusning mazmun mohiyatini, azaliy milliy qadriyatlarimizni tushuntirishimiz, Vatanimizni bog‘-u bo‘stonga aylantirish ishiga o‘z hissasini qo‘shishga chorlashimiz, har birimiz shu jarayonning ichida yashashimiz lozim. Zero, daraxt ekish ko‘pning ishi, har bir kishi o‘z uyida, ko‘chasida, ish joyida bir tupdan ko‘chat qadasa ham yurtimiz yana-da obod bo‘lib boraveradi.

Ulkan Vatan bog‘ini obod va fayzli bo‘lishiga munosib hissa qo‘shing. Ko‘chat ekib, bog‘ yarating. Bu o‘g‘il-qizlarimiz uchun ibrat, ona tabiatni asrab avaylash yo‘lida ezgu harakat hamda sizdan qoladigan boy merosdir.

Shunday ekan, keling, aziz yurtdoshlar, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda faol ishtirok etaylik.

Har birimiz kelajak avlod oldidagi burchimizni chuqur his qilgan holda, “Yashil makon” loyihasini umumxalq milliy harakatiga aylantiraylik!

Toki, bizdan kelajak avdodlarga obod, yashillikka burkangan go‘zal Vatan meros qolsin!

19-10-2023 |
Foto galereya