Assalomu alaykum aziz o‘g‘il-qizlarim!

Hurmatli yoshlar, tadbir qatnashchilari!

Yoshlik shunday bir davrki, o‘z ustida ishlash, o‘qish, bilim olish, shaxsiy rivojlanish ko‘rsatkichini oshirib borish – inson umri uchun poydevor bo‘ladi.

Kelgusida hayotga kim bo‘lib kim borishingizni ayni mana shu paytdagi izlanish, vaqtdan unumli foydalanishingiz hal qiladi.

Muhtaram Prezidentimiz har doim, har bir chiqishlarida yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratib: yoshlar bilan ishlash – biz uchun hayot-mamot masalasi, deya yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish hamda zarur mablag‘larni yo‘naltirishga chaqiradilar.

O‘tgan davrda yoshlar siyosati bo‘yicha ishlarni mahallada tashkil etish bo‘yicha mutlaqo yangi vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. 819 ta mahallaga fidoyi, tashabbuskor o‘g‘il-qizlardan iborat yoshlar yetakchilari tanlab olindi.

Joriy yil 11 aprelda muhtaram Prezidentimiz o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilangan edi.

Shundan kelib chiqib, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari o‘rganilib, 3 toifaga ajratildi.

Bunda:

- yaxshi o‘qiyotgan, tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol bo‘lgan 394 ming nafar yoshlar “yashil” toifaga;

- turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 523 ming nafar yosh “sariq” toifaga kiritildi.

Davlatning g‘amxo‘rligi va eʼtiborini kutayotgan hamda ko‘makka muhtoj 23 ming  774 nafar yoshlar “ahvoli og‘ir, qizil” toifasiga kiritilib, viloyat, tuman (shahar)lar rahbarlariga nomma-nom biriktirildi.

Yil yakuniga qadar muammosi aniqlangan 15 ming 855 nafar yoshlarning deyarli barcha muammolari hal etilib, ushbu maqsadlarga qariyib 22 mlrd.so‘m mablag‘ sarflandi.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari asosida  unikal bo‘lgan “Yoshlar daftari” joriy qilinganidan xabardorsiz.

Birgina, ushbu daftar orqali joriy yilning o‘zida 30 ming 785 nafar yoshlarga 45 mlrd so‘mlik ijtimoiy ko‘maklar ko‘rsatildi.

Jumladan, yoshlarning 5 ming nafariga 12,5 mlrd so‘mlik to‘lov-shartnoma pullari, 891 nafariga 5,5 mlrd so‘mlik safarbarlik chaqiruvi xarajatlari, 2 ming 900 nafariga davolanish xarajatlari qoplab berildi. 

Ushbu raqamlar nimadan dalolat beradi?

Mamlakatimizda har bir yoshning taqdiri, uning intilish va orzu-umidlari eʼtiborga olingan. Ularning hayotga munosib kirib borishi uchun imkoniyat va shart-sharoit muhiti yaratilgan.

Muhimi, intiluvchan yoshlarni izlab topish, isteʼdod va qobiliyatlarini namoyon bo‘lishi uchun muhit yaratish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun yoshlar yetakchilarining kuchidan foydalanilayotgani – bu davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan bo‘lmoqda.

Chunki yoshlarning qiziqishlari va dunyoqarashlarini keng o‘rganishda yoshlarning o‘zi tashabbuskor bo‘lmoqda.

Yoshlarni ish bilan taʼminlash, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish masalalariga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, “Bandlik dasturi” asosida 39 ming 567 nafar yoshlarning bandligi taʼminlandi. 15 ming nafar yoshlarga tadbirkorlik qilish uchun 327 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.

Muhtaram Prezidentimining joriy yilning 24-25-oktabr kunlari viloyatimizga tashriflari mobaynida berilgan topshiriqlariga asosan, ishsiz va migratsiyadan qaytgan yoshlarga yer ajratish bo‘yicha Qashqadaryo tajribasi joriy qilindi.

Bugungi kungacha, 647 gektar yer maydonlari 1 ming 329 nafar yoshlarga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish uchun ajratib berildi.

Fursatdan foydalanib, ushbu ishlarda bosh-qosh bo‘layotgan, fidoyilik ko‘rsatayotgan yoshlar yetakchilariga samimiy minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Aziz yoshlar!

Bugungi kunda, ilm, bilim, hunar, xorijiy til, ITni bilmasdan turib, yuqori marralarni ko‘zlab bo‘lmasligini barchamiz tushunishimiz kerak.

Viloyatimizda yoshlarning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, ularni xorijiy til va ITga o‘qitish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirdik.

10 ta umumtaʼlim fanlari bo‘yicha 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Viloyat hokimi olimpiadasi” o‘tkazildi.

Fizika, kimyo, biologiya fanlari bo‘yicha 123-o‘rinlarni egallagan 9 nafar o‘quvchilar Qarshi davlat universitetiga imtihonsiz talabalikga qabul qilindi.

Yoshlar tashabbusidan kelib chiqib, viloyatdagi oliy taʼlim muassalari 3-4-kurs talabalari uchun “Viloyat hokimi” stipendiyasi joriy etildi. 783 nafar xorijiy tillarni o‘rganib, xalqaro sertifikat olgan yoshlarga 1,3 mlrd so‘mlik imtihon xarajatlari qoplab berildi. 429 nafar yoshlarga zamonaviy kasblarni o‘rganishi uchun 1,2 mlrd.so‘m to‘landi.

“Xorijiy til bilan ITga yo‘l” viloyat hokimi granti tashkil etildi. Mahalliy byudjetdan 1 mlrd.so‘m mablag‘ ajratgan holda, 500 nafar yoshlarga xorijiy til o‘rganish bo‘yicha 6 oylik o‘quv kurslari xarajatlari to‘lab berildi.

“Bir million dasturchi” loyihasi orqali 816 nafar yoshlarga noutbuk sotib olish uchun 6,3 mlrd.so‘mlik foizsiz kreditlar ajratildi.

Maʼlumki, mamlakatimizdagi barcha talabalarning 11 foizi qashqadaryolik yoshlarga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, joriy o‘quv yilida ham eng ko‘p talabalar viloyatimizdan qabul qilindi.

Bu – viloyatimiz yoshlari qanchalik ilmga chanqoq ekanini bildiradi.

Yil davomida 26 ming nafardan ortiq yoshlarga taʼlim krediti uchun 265 mlrd so‘m ajratildi.

Ahamiyatlisi, 22 ming nafarga yaqin xotin-qizlarimizning taʼlim olishlari uchun 214 mlrd so‘m foizsiz kredit ajratildi.

Shu o‘rinda, buyuk davlat arbobi Indira Gandidan iqtibos keltirmoqchiman: “Bitta qiz bolani o‘qitsangiz, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz”. Bu so‘zlar bejiz aytilmagan. Buning zamirida hayotiy haqiqat borligini, albatta, hammamiz yaxshi bilamiz.

Ijara uylarida istiqomat qilayotgan 2 ming 745 nafar talabalarning qariyibmlrd so‘mlik ijara-shartnoma pullari to‘lab berildi.

Taʼlim sohasi bo‘yicha qilinayotgan ishlar samarasini bermoqda.

Masalan, Qarshi shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktabi 10-sinfining barcha o‘quvchilari (eʼtibor bering, o‘quvchilarni maktabni bitirishiga yana bir yil bor) xorijiy til bo‘yicha B2 va C1 xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgani, barchamizni quvontirdi.

Qarshi shahridagi Abdullo Oripov nomidagi ixtisoslash-tirilgan maktab-internatining 10-sinf o‘quvchisi Sarvar Sagdullayev IT bilan shug‘ullanib, yildan beri (13 yoshidan boshlab) 20 nafar yoshlarga rahbar bo‘lib, oyiga 500 dollardan ish haqi olmoqda.

Joriy yilda viloyatimizdagi oliy taʼlim muassasalarining 61 nafar talabalari davlat va nomdor stipendiyalar sovrindori bo‘lgani ham, intilsa, har qanday maqsadga erishish mumkinligini ko‘rsatadi.

Umuman, muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlarimiz uchun shu qadar katta imkoniyatlar yaratib berilganki, harakat qilgan, bunday imkoniyatlardan samarali foydalangan yoshlarimiz, albatta, ijobiy natijalarni qo‘lga kiritadi.

Yoshlarimizning bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazishlari uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha qator ishlar qilindi.

Respublikada birinchi bo‘lib, Qarshi shahrida yoshlar sayilgohi barpo etildi. 70 ta mahallalarda universal sport maydonchalari, vorkautlar qurildi.

Viloyatimiz sportchi-yoshlari ham joriy yilda ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritdi.

Xususan, O‘zbekiston, Osiyo va jahon chempionatlari va nufuzli halqaro musobaqalarda 2 mingga yaqin medallar (475 ta oltin, 543 kumush, 954 ta bronza)ni olib kelinganidan, har qancha  faxrlansak arziydi.

Qadrli yoshlar, aziz o‘g‘il-qizlarim!

Endi, 2024-yilda viloyatimizda yoshlar siyosati bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsam.

Kelgusi yilda asosiy eʼtibor, yoshlarni xorijiy til va ITga o‘qitishga qaratiladi.

Barcha tumanlarda IT maktablari tashkil etiladi. Har bir mahallada kamida 2 nafardan yosh dasturchilarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Eng sara 25 nafar dasturchi yoshlar tanlab olinib, xorijiy mamlakatlarga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan malaka oshirishga yuboriladi.

“Xorijiy til bilan ITga yo‘l” loyihasi doirasida 1000 nafar yoshlarning xorijiy tillarni o‘qish xarajatlari qoplab beriladi. Ilg‘or IT kompaniyalari viloyatga jalb qilinib, yoshlar yuqori daromadli ish bilan taʼminlanadi.

Xorijiy til bo‘yicha yuqori ball to‘plab, sertifikatlarni qo‘lga kiritgan yoshlarning imtihon xarajatlarini qoplab berishga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar ko‘paytiriladi.

Qarshi shahrida “Yoshlar texnoparki” ishga tushiriladi. Yoshlarning startap g‘oyalari, innovatsion ishlanmalari bo‘yicha ajratilayotgan mablag‘lar 2 barabarga oshiriladi.

Davlat ko‘magiga muhtoj “og‘ir” toifadagi 14 ming 589 nafar yoshlarning  ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal qilish orqali hayoti yaxshilanishiga ko‘mak ko‘rsatiladi. 25 ming nafar ishsiz yoshlar va 18 ming nafar maktab bitiruvchilarining bandligi taʼminlanadi.

Shu bilan birgalikda, xorijda mehnat qilayotgan 20 ming nafar yoshlarni vatanga qaytarish va shu yerda band qilish choralari ko‘riladi.

Umuman olganda, kelgusi 3 yilda viloyatni yoshlar uchun ishsizlikdan holi hududga aylantirish bo‘yicha barcha harakatlar ko‘riladi. Yoshlarimizning tadbirkorlik faoliyati rag‘batlantiradi. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj 20 ming nafar yoshlarga “Yoshlar daftari” orqali ko‘maklar ko‘rsatiladi.

Viloyat hokimi sovrini uchun har oyda bir marotaba “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkaziladi. Kitob o‘qigan yoshlar muntazam ravishda moddiy-maʼnaviy rag‘batlantiriladi.

Aziz yoshlar!

Dunyoda yuz berayotgan notinchlik, ziddiyatlar, mafkuraviy kurashlarni ommaviy axborot vositalari orqali ko‘rib turibsiz.

Ming afsuski, ilmsizlik, bilimsizlik sababli noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketib, o‘zining, oilasining hayotini barbod qilayotgan yoshlarimiz uchrab turibdi.

Xorijiy davlatlar yoshlariga taqlid qilib, ularning urf-odati, yashash, turmush tarzini o‘zlashtirayotganlar ham, bor albatta.

Shuni unutmang – faqatgina, o‘zligimizni, boy madaniyatimizni saqlab qolsakgina – biz buyuk millat bo‘lib qolamiz.

Yurtimizdagi bugungi tinchlik, osoyishtalikni qadriga yetishimiz, shukrona keltirishimiz, farovon hayot, buyuk kelajak uchun – tinimsiz o‘qishimiz, izlanishimiz zarur.

Shu o‘rinda, hurmatli Prezidentimizni daʼvatlaridan birini keltirib o‘tsam: Hech shubhasiz, o‘z kuchimiz va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonch bizni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yo‘lida birlashtirib, yana-da kuchli va mustahkam qilmoqda.

Bu intilishlar ulkan amaliy ishlarga aylanib, buyuk xalq harakati tobora kengayib bormoqda. Bunday qudratli safda bo‘lishning o‘zi katta baxt, katta sharafdir.

Aziz yoshlar, o‘z oldingizga ulug‘ maqsadlar qo‘yib, ularni mardona zabt eting, dunyo sizga qoyil qolsin!

Bular – Yangi O‘zbekiston yoshlari, biz tarbiyalagan bolalar, deb ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringiz, butun xalqimiz sizlar bilan faxrlansin!

Fursatdan foydalanib, kirib kelayotgan yangi yil bilan barchangizni muborakbod etaman, yurtimizni tinchligi, farovonligiga ko‘z tegmasin, baxtimizga yurtboshimiz omon bo‘lsin, yangi yilda yangi marralarni egallash, barchamizga nasib qilsin!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

22-12-2023 |
Foto galereya