Qadrli vohamiz ahli, aziz ota-onalar!

Qashqadaryo azal-azaldan madaniyat va maʼrifat beshigi bo‘lgan qadimiy va navqiron go‘shadir.

Bu muqaddas zaminning har qarich tuprog‘ida aziz avliyolarning, alloma va olimlarning bizga qoldirgan boy merosi bor.

Nasafiylar, keshiylarning ilmu maʼrifatini anglash uchun har on, har daqiqa tafakkur qilishimiz, yana-da ko‘proq o‘rganishimiz va farzandlarimizni o‘rgatishimiz lozim.

Sir emaski, muhtaram Prezidentimiz rahbarlik faoliyatlarining boshidanoq millatparvar jadid bobolarimizning izidan borib, o‘qituvchi qadrini ko‘tarishga, maktabni isloh qilishga alohida eʼtibor qaratib kelmoqdalar.

Ulug‘ mutafakkir olim Abdurauf Fitrat taʼkidlaganidek,  “Hayot yo‘lidagi birinchi masala – maktab masalasidir”.

Sifatli taʼlim va tarbiya orqali yoshlarimiz o‘zligini anglaydi, jahon sahnida barqaror va muqim bo‘ladi. O‘zligini bilgan insongina millat uchun, xalq uchun, Vatan uchun yashaydi.

Faqatgina taʼlim, ilm, innovatsiya orqali xalqimizning orzu-umidlari ro‘yobga chiqadi.

Ona xalqimizning umidi, najoti, ishonchi, ertangi niyat-istagi – taʼlim va tarbiyadadir.

Bu kabi jihatlar, maqsad va niyatlar davlatimiz rahbari tomonidan 2023 yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nomlanishida ham o‘z ifodasini topgan.

Hurmatli ustozlar!

Keling, bugungi kunni ilgarigi davr bilan qiyoslab ko‘raylik.

O‘qituvchilar 3-4 oylab dala ishlari bilan band bo‘lib, o‘quvchilarga dars bera olmagani hech kimga sir emas.

Bundan tashqari qanaqa tashkiliy ish bo‘lsin, o‘qituvchi bajarar edi.

O‘qituvchi oylik maoshini oydan oyga amallab yetkazar, shu bois maktablarni erkak o‘qituvchilar tark etdi.  

Birgina, viloyatimiz maktablarida 500 nafardan ortiq o‘qituvchiga ehtiyoj bor edi.

Maktablarimiz holati biz o‘qituvchilarni qoniqtirmas, xususan, 155 mingta o‘quvchi o‘rni yetishmasdi.

Shuningdek, 253 ta maktab taʼmirtalab va 81 tasi loy-paxsali, deyarli barcha maktablardagi parta va doskalar abgor holatda edi.

Bugun esa, haqiqatan ham, biz muallimlar dala ishlaridan, ko‘cha tozalashdan, ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod bo‘ldik.

Toptalgan qadrimiz, ekilgan qaddimiz muhtaram Yurtboshimizning biz ziyolilarga bo‘lgan muhabbatlari va mehrlari sabab yana qayta tiklandi.

Oyliklarimiz oshib, moddiy farovonligimiz  yaxshilandi.

Muallim oyligining oshishi sabab erkak o‘qituvchilar maktabga qaytdi. Natijada, maktabdagi tartib-intizom yaxshilandi.

Ishlashimiz uchun qulay va imkoniyati keng zamonaviy maktablar qurib berildi.

Xususan, so‘nggi 5 yilda viloyat bo‘yicha 215 ta yangi maktab barpo etildi.

342 ta maktabda kompyuter sinflari tashkil qilindi, 421 tasi parta va doskalar bilan to‘liq jihozlandi.

Oliy maʼlumotli pedagog kadrlar tayyorlash yo‘nalishida qabul kvotalari 5 baravarga oshirildi.

Pedagoglar tayyorlash bo‘yicha Qarshi davlat universitetiga raqobatchi taʼlim muassasasi sifatida Shahrisabz davlat pedagogika instituti tashkil etildi.

Maʼlumki, muhtaram Prezidentimiz joriy yil 24-fevralda Qashqadaryoga tashriflarini Qarshi tumanidagi 71-sonli maktabdan boshlaganlaridan ko‘p ming sonli biz ziyolilar yuksak darajada faxrlandik.

Yurtboshimiz maktab bilan tanishuv jarayonida viloyatimizdagi faxriy ustozlar hamda yosh o‘qituvchilar bilan uchrashdilar.

Prezidentimizning: “O‘qituvchilar uchun hamma imkoniyatlarni yaratib berayapman, lekin o‘qituvchi ham harakat qilishi, taʼlim mazmunining sifatini yana-da oshirishi kerak. O‘qituvchi katta kuch. Men muallimga ishonaman, men muallimga suyanaman” degan so‘zlari biz o‘qituvchilarga yana-da kuch va g‘ayrat bag‘ishladi.

Tan olaylik, yaratib berilgan shuncha imkoniyatlarga qaramasdan, maktablarimizdagi holat, o‘qituvchilarning darajasi bugungi kun talabiga javob bermaydi.

Davr talabiga mos taʼlim berish va zamonaviy boshqaruvning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani natijasida viloyatimiz taʼlim sifati Respublika miqyosida past deb baholangan.

Afsuski, 95 foiz maktablarimizda bilim ko‘rsatkichi eng past.  

O‘qituvchilarimizning 15 foizi o‘rta maxsus maʼlumotli, 40 foizi toifaga ega emas.

Xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish ishlarini susaytirib yubordik.

50 foiz o‘quvchilarimiz kelajakda qaysi kasbni egallashini bilmaydi.

Islohotlarning mahalla va oiladagi targ‘ibotida o‘qituvchilarning faolligi yetarli emas.

Prezidentimiz, biz o‘qituvchi-muallimlardan umidlari katta ekanligini, o‘qituvchi  jamiyatning old bo‘g‘ini sifatida uyg‘onishi kerakligini, o‘qituvchi uyg‘onsagina, Yangi O‘zbekiston qurish mumkinligini qayta-qayta taʼkidladilar.

Qarshi tumanidagi 71-sonli maktabda muhtaram Prezidentimiz bilan bo‘lib o‘tgan samimiy suhbatdan kelib chiqib, Qashqadaryo ziyolilari taʼlim sifatini yaxshilash bo‘yicha oldimizga qator vazifalarni belgilab oldik.

Birinchidan, biz ustozlar muhtaram Prezidentimizning chaqiriqlariga “Labbay” deb javob berib, yosh avlodni Vatanga, millatga, xalqqa fidoyi qilib tarbiyalaymiz.

Boshqaruvni to‘g‘ri qo‘ygan holda, maktabni mahallaning maʼnaviyat maskaniga aylantiramiz.  

Islohotlar targ‘ibotida ziyolilar “lokomotiv” vazifasini bajaramiz.

Maktab direktorlari, bajaradigan ishlari bo‘yicha 3 yillik rejani ishlab chiqib, ijrosi yuzasidan o‘quv yili yakunida ota-onalar, keng jamoatchilikka hisob beramiz.

Yoshlar ongu tafakkurini buzg‘unchi va radikal mafkuralar taʼsiridan himoya qilish, milliy o‘zlikni anglash, o‘g‘il-qizlarimizning vatanga sadoqat, ona xalqiga muhabbat ruhida kamol topishi yo‘lida mutlaqo yangicha yondashuv qilamiz.

Beruniy, Ibn Sino, Bobur, Zulfiyaxonim, Abdulla Oripov kabi ulug‘ ajdodlarimizning hayoti va ijodini o‘rganish bo‘yicha har oyni maʼlum nom bilan nomlaymiz.

“Oilaviy o‘qiymiz” shiori ostida ommaviy kitobxonlikni yana-da keng targ‘ib qilamiz.

Ota-onalar bilan ishlash samaradorligini yana-da oshiramiz.

Ikkinchidan, xorijiy tillar, aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish sifatini tubdan yaxshilaymiz.

Ilg‘or rivojlangan mamlakatlar taʼlim texnologiyalarini o‘z faoliyatimizga tatbiq etamiz.

Yoshlarimizni intellektual salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy bilim, malaka va ko‘nikmalar bilan qurollantirish, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh yetuk mutaxassis bo‘lishlari uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Uchinchidan, 11-sinfni o‘quvchilar uchun “Hayot maktabi” deb belgilagan holda bitiruvchilarimizni kamida 2 ta xorijiy til va 1 ta kasb egasi bo‘lishiga erishamiz.

Bu borada alohida “Qashqadaryo tajribasi”ni yaratamiz.

To‘rtinchidan, o‘z ustimizda tinimsiz ishlaymiz, haqiqiy ustozlik nufuzi va maqomini amalda ko‘rsatamiz.

Har bir o‘qituvchining shaxsiy va kasbiy rivojlanish bo‘yicha konsepsiyasini ishlab chiqamiz.

Bu orqali yaqin 3 yilda barcha o‘qituvchilarning toifaga ega bo‘lishini taʼminlaymiz.

Beshinchidan, qizlar taʼlimiga alohida eʼtibor qaratamiz. Xotin-qizlarning jamiyat va oiladagi faolligini oshirishda biz o‘qituvchilar o‘rnak bo‘lamiz.

Bu orqali, agar ayol ziyoli bo‘lsa, farzandlari albatta, vatanparvar bo‘ladi, degan tamoyilni bajarilishiga erishamiz.

Oltinchidan, yurtimizda olib borilayotgan ulkan islohotlar natijasi va millatimiz kelajagi biz o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq ekan, shu ezgu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatamiz.

Bor imkoniyatdan foydalanib, masʼuliyat bilan mehnat qilish har birimizning hayot shiorimizga aylanadi.

Biz Qashqadaryo ziyolilari, ustozlari, muallimlari – muhtaram Prezidentimiz, xalqimizni ishontirib aytamizki, bebaho boyligimiz bo‘lgan yoshlarga taʼlim berishda bor bilim va g‘ayratimizni ishga solamiz.

O‘g‘il-qizlarimizning hayotga munosib kirib borishi va qanday elning farzandlari ekanini butun dunyoga namoyon qilishi, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini qurishda mustahkam kuch bo‘lib xizmat qilamiz.

Yangi O‘zbekiston strategiyasining bosh bo‘g‘inida taʼlim, tarbiya, maʼrifat turganini unutmagan holda, belgilangan vazifalarni sidqidildan bajaramiz!

31-03-2023 |
Foto galereya