Assalomu alaykum, aziz sportchilar, murabbiylar, qadrli ota-onalar!

Shu quvonchli lahzalarda barchangizni kirib kelayotgan yangi 2024-yil bilan samimiy muborakbod etaman. Kelayotgan yil unumli va barakali bo‘lsin.

Yakunlanayotgan yil barcha sohalar kabi sport sohasida ham ulkan zafarlar va yutuqlarga boy bo‘ldi.

Qashqadaryolik spotchilarimiz qanday buyuk insonlarning avlodlari ekanliklarini, intilish, ishtiyoq, matonat va jasoratda tengsiz bo‘lib, qo‘lga kiritilayotgan yutuq va marralar orqali isbotlashayapti.

2023-yilda viloyatimiz sportchilari Jahon chempionatlarida 63 ta, Osiyo chempionati va kuboklarida 95 ta, nufuzli xalqaro musobaqalarda 55 ta hamda O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 1772 ta medallarni qo‘lga kiritishdi.

Taʼkidlash joizki, Mirzayorova Asilaxon Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi va “Parij-2024” Yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini beruvchi litsenziyaga ham ega bo‘ldi. Shunigdek Xitoy davlatining “Xanchjou” shahrida bo‘lib o‘tgan Paraosiyo o‘yinlarida 1 ta oltin, 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, yilning «Eng yaxshi ayol para atleti» degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi. bunday ulkan yutuq bilan matonat sohibasi Asilaxonni, sportchi qizimizning ota-onasini chin dildan tabriklaymiz.

Hurmatli tantanali bayram tadbiri ishtirokchilari!

Joriy yilda sevimli “Nasaf” futbol jamoamiz O‘zbekiston super kubogi, O‘zbekiston kubogini hamda super ligada kumush medallarini qo‘lga kiritdi. Osiyo chempionlar ligasining guruh baxslarini 1-o‘rin bilan yakunlab, barcha futbolsevar muxlislarimizni quvontirdi.

Sport – bu birdamlik, salomatlik, tinimsiz mehnat va hayot zavqini beruvchi, insonning sog‘lom turmush tarziga yetaklovchi vositadir.

Yurtning shaʼni va nufuzini oshirishda sanʼat va sportning o‘rni beqiyos ekanini barchamiz his qilamiz.

G‘alaba qo‘lga kiritilganida yurt bayrog‘i baland ko‘tarilib, madhiya yangragan paytda – nafaqat sportchi, uni olqishlab turgan xalqimiz ham mamnun bo‘ladi, vatanparvarlik hissini yuragidan o‘tkazadi.

Ana shunday tantanali lahzalarda tug‘ilib o‘sgan vatanining shon-shavkatini ko‘tarish – barcha mehnat va niyatlar orasida muqaddas ekanini anglaymiz.

Aziz tadbir ishtirokchilari!

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan 9 ta sport turi bo‘yicha tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari ham yoshlarimizni ezgu g‘oya atrofida birlashtirdi va tom maʼnoda katta sport bayramiga aylanmoqda.

Mazkur olimpiadaning joriy yildagi birinchi va ikkinchi mavsumlarida viloyatimiz yoshlari 24 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Quvonarlisi ular istiqomat qiladigan mahallalar hududida 7 ta sport maydonchasi qurilmoqda. Yaqinda foydalanishga topshiriladigan bu sport maydonlarida yangi isteʼdod egalari tarbiyalanadi. Hurmatli Prezidentimizning uzoqni ko‘zlab olib borayotgan siyosatlarining zamirida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga ular istiqomat qilayotgan hududining farovonligiga hissa qo‘shishi uchun imkon ham berilyapti.

Bu esa mazkur bellashuvlarga ishtirok etuvchi yoshlarning safini tobora kengayib borishi uchun asos bo‘layapti. O‘tgan mavsumga qaraganda musobaqada ishitirok etish istagini bildirgan yoshlar soni bir necha barobarga oshganiga guvox bo‘ldik.

Xabaringiz bor, hurmatli Prezidentimiz viloyatimizga tashriflari chog‘ida Qashqadaryo viloyati - iqtisodiyotda, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda bo‘lgani kabi sport sohasida ham hamisha oldinda bo‘lishi, buning uchun barcha sharoitlar yaratilganini taʼkidlagan edilar. Erishilgan g‘alabalar ana shu imkoniyatlarning mevasi hamda bildirilgan ishonchga munosib javobdir, desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman.

Albatta, biz barcha sohalar qatori sportni rivojlantirish borasida aniq chora-tadbirlar asosida ish olib boramiz:

- chekka hududlarda istiqomat qilayotgan sportchi yoshlarni izlab topish va ularni qo‘llab-quvvatlash ishi yuksak eʼtibor bilan olib boriladi;

- sport maktablari, to‘garak va zallarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun mahalliy byudjetdan zarur mablag‘larni ajratamiz;

- oilada sportni keng joriy qilish, sog‘lom turmush madaniyatini rivojlantirish borasida tizimli asosda tuman va shaharlarda, mahallalarda yangidan yangi loyihalar tatbiq etiladi;

- biz yurtsevar sportchilarni hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz, ularning mashg‘ulotlarda muntazam qatnab, nufuzli musobaqalardagi ishtiroki uchun zarur mablag‘larni yo‘naltiramiz;

- qizlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratamiz;

- futbolga eʼtibor masalasi mening shaxsan o‘zimning kundalik ishlarim qatorida bo‘ladi.

Kelgusi yilda ham bundanda zafarli yutuqlar bilan viloyatimiz, yurtimiz shaʼnini munosib himoya qilishingizga tilakdoshman. Fidoyilik, ishtiyoq va yurt shaʼnini himoya qilish borasidagi ahdingiz uchun katta rahmat! Xalqimiz ishonchini oqlash uchun yangi g‘alabalar va yutuqlar sari olg‘a!

Barchangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, xonadonlaringizgaqut-baraka tilashnio‘zim uchun katta baxt, deb bilaman. Kirib kelayotgan yangi yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

23-12-2023 |
Foto galereya