Joriy yilning 21-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda yer hisobini joy-joyiga qo‘yish shartligi, lekin ayrim hokimlar va vazirlar buni hisob-kitobini hali o‘ylab ham ko‘rmagani, o‘ziga biror-bir vazifa ham belgilab olmagani qayd etildi.

Xo‘sh bu borada Qashqadaryoda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Viloyatda jami 2,9 mln gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, 2 mln 141 ming gektari qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Hozirgi vaqtda Kadastr agentligining “UZKAD” yagona integratsiyalashgan dasturida ushbu yerlarning 2,6 mln gektari (93%) hisobga olinib, 2,3 mln gektari to‘liq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Yerlarning aniq hisobi yuritilishi o‘z navbatida fuqarolarimizni yerdan samarali foydalanishga majbur qilmoqda. Asosiysi, fuqarolarimizning ham huquqiy ongi oshdi.

Ko‘pchilik fuqarolar qishloqlarda gektarlab lalmi va yaylov yerlarni “ota-bobomdan qolgan” deb egallab olib, bir so‘m ham soliq to‘lamay, yerdan ham deyarli foyda olmasdan faqat 5-10 bosh qo‘y-echkilarini boqib yerdan samarasiz foydalanib kelayotgani ayni haqiqat.

Yerlar hisobga olinib, dasturga kiritilib, soliq bazasiga integratsiya qilinishi orqali soliq to‘lashga majbur bo‘lishgan fuqarolar hozirda o‘zlarining ehtiyojidan ortiq yerlarni qaytarishni so‘rab murojaat etishmoqda.

Videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari mutasaddilarga 2024-yilning 1-fevralga qadar kamida 15 ming gektar yerni lotlarga bo‘lib, eksportbop sabzavot yetishtirish uchun o‘rtacha 1 gektardan auksionga chiqarish topshirig‘ini berdi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda paxta va g‘alladan qisqartirilib, zaxiraga olinib, bo‘sh turgan 1,4 ming gektar yer maydonlarini o‘rtacha 1 gektardan lotlarga ajratib, kelgusi yilning 1-fevraliga qadar auksion savdolariga chiqarilishi aniq reja qilingan.

Shuningdek, viloyatda suv xo‘jaligi ob’ektlarining 37,1 ming gektar yerlaridan, 22,1 ming gektari viloyat hokimining qarorlari bilan Kadastr agentligining “UZKAD” yagona integratsiyalashgan dasturida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Qolgan 13,9 ming gektari (38%)ning egalik hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Joriy yil 3-fevralida Prezident tomonidan qabul qilingan “2023 — 2025-yillarda Qashqadaryo viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda viloyatdagi 206 gektar yer maydonlari toifasi sanoat yerlariga o‘zgartirilganligi ko‘rsatilgan.

Shundan, 1-noyabr holatida tadbirkorlarga sotilmasdan turgan 116 gektar yer maydonlari, hozirgi kunda auksion savdolariga chiqarilgan va yil yakuniga qadar to‘liq sotilishi ta’minlanishi reja qilingan.

Jumladan, Ko‘kdala tumanida 70 gektarga parrandachilik klasteri hamda 20 gektariga mebelchilik sanoat zonasi loyihalari yo‘lga qo‘yilishi, G‘uzor tumanida 26 gektar yer maydonlarida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida savdo va servis xizmatlari ob’ekti qurilishi mo‘ljallangan.

01-12-2023 |
Foto galereya