Toshkent shahrida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar o‘quvchilari o‘rtasida “Zakovat” turnirining respublika bosqichi o'tkazilib, unda 42 ta jamoa (294 nafar oʼquvchi) gʼoliblik uchun bellashdi.

Yakuniy hisob-kitoblarga ko'ra, his-hayajonlarga boy boʼlgan respublika bosqichida quyidagi jamoalar gʼolib va sovrindor boʼldi:

1-o'rin Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi (Qashqadaryo viloyati);
2-o'rin Toshkent shahridagi Prezident maktabi;
3-o'rin Denov tumanidagi 2-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internati.

Mazkur jamoalarning har bir aʼzosi va murabbiyiga “Zakovat intellektual klubi” NNT tomonidan qimmatbaho noutbuklar sovgʼa qilinib, endilikda ushbu jamoa aʼzolari oliy taʼlim muassasalariga bazaviy toʼlov kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi.

Shuningdek, ularning har biriga bir oʼquv yili davomida har oy quyidagi miqdorda “Zakovat” stipendiyasi toʼlab boriladi:
1-oʼrin: BHMning 5 baravari;
2-oʼrin: BHMning 4 baravari;
3-oʼrin: BHMning 3 baravari.

Shu boisdan, 1-o'rinni egallagan Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi jamoasi Qarshi temiryo'l vokzalida tantanali ravishda kutib olindi.

Ma'lumot uchun, o'tgan yili Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar o‘rtasidagi “Zakovat” turnirida Abdulla Oripov ijod maktabi jamoasi 2-o‘rinni egallagan bo'lsa oliy ta'lim muassasalari jamoalari o'rtasidagi Intellektual olimpiadada esa Qarshi davlat universiteti 1-o‘rinni egallagan edi.

16-10-2023 |
Foto galereya