Taqdimotda viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligida viloyat sektorlar rahbarlari, tegishli tashkilot, tuman sektor rahbarlari va mas’ul tashkilotlar hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.

Taqdimotda tuman hokimi Samad Hasanov 2024-yilda tumanda sanoat, xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi, bandlik masalalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, 4 ta kichik sanoat zonasida qiymati 313 milliard so‘mlik loyihalar ishga tushiriladi. Loyiha qiymati 82,5 million dollarlik 29,4 MVtlik 5 ta mikro GES faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Hududiy investitsiya dasturlari doirasida 24 ta loyiha amalga oshiriladi.

Qolaversa, tumanda turizmni rivojlantirish maqsadida joriy yilda 45 ta loyiha yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. 60 million dollarlik 3 ta mehmonxona, 2 ta restoran, 2 ta avtoturargoh, savdo-ko‘ngilochar markaz, bolalar o‘yingohi va 2 ta piknik hudud tashkil etiladi. Hududiy tadbirkorlar tomonidan 298 milliard so‘mlik 35 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Natijada sayyohlar qamrovini o‘rtacha 500 mingdan 1 millionga oshirish kutilmoqda.

Shuningdek, tumanda xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi sohalarida ham manzilli dasturlar mavjud.

Taqdimot doirasida viloyat hokimi Murotjon Azimovning Shahrisabz tumani tadbirkorlari bilan uchrashuvi ham tashkil etildi.

16-03-2024 |
Foto galereya