Mamlakatimizdagi mavjud ziyorat turizmi salohiyatidan yana-da unumli foydalanish, O‘zbekiston zaminini dunyo sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida namoyon qilish, jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlarning yuqori eʼtiroflariga sazovor bo‘lish, shuningdek, ziyorat turizmi xizmatlarini diversifikatsiya qilish va turizm eksportini oshirish maqsadida, Kasbi tumanidagi "Sulton Mir Haydar ota" ziyoratgohida "Ichki va ziyorat turizm yarmarkasi va Kulolchilik festivali" tashkil etildi. Festival doirasida viloyatdagi ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur ham tashkil etilib, tumandagi tarixiy va meʼmoriy obidalar yaqindan tanishtirildi.

Festival doirasida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadim milliy qadriyat naʼmunalarining namoyishlari tashkil etildi. "Kulol shodasi" folklor etnografik ansambli xalq jamoasining chiqishlari ham festivalga tashrif buyurgan ishtirokchilarda o‘zgacha taasurot qoldirdi.

Press-tur davomida OAV xodimlari tumandagi "Muhammad Sadr Islom", Qamashi MFY hududidagi Qadimiy Sardoba, "Xo‘ja Murod baxsh ota" ziyoratgohlarida ham bo‘lishdi hamda ularning tarixi bilan tanishishdi. Festival doirasida O‘zbekiston islom merosini o‘rganish va uni ziyorat turizmi orqali targ‘ib qilishga bag‘ishlangan ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda xalqaro miqyosda tanilgan turli islom ulamolari va tarixchilar qatnashishdi.

"O‘zbekistonning islom olamida tutgan o‘rnini, buyuk mutafakkirlarimizning nafaqat islom, balki jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini ko‘rsata olamiz. Avvalambor o‘zimiz o‘rganishimiz va boshqalarga tanishtirishimiz orqali kimligimizni eʼtirof etishga erishamiz", - deydi viloyat hokimi o‘rinbosari va viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i Alisher Zakirov.

Diniy turizm, yaʼni odamlarning maʼnaviy ehtiyoji ham mehmonlar soni ortishiga xizmat qiladi. Musulmon mamlakatlar aholisining ortib borishi hamda rivojlangan mamlakatlardagi musulmonlar diasporasi ko‘payayotgani ushbu omilga eʼtibor qaratish zarurligini anglatadi.

(11.11.2022)

14-03-2023 |
Foto galereya