Assalomu alaykum qadrli tibbiyot xodimlari! 

Sohaning hurmatli faxriylari!

Avvalo, Siz, azizlarni, qutlug‘ kasb bayramingiz - Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman.

Sharafli va masʼuliyatli kasbingiz ortidan hamisha eʼzoz va ehtiromda bo‘lishingizni, xalqimiz duosini olishingizni chin dildan tilab qolaman.

Hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, inson uchun eng katta boylik tinchlik va salomatlikda o‘tgan umr hisoblanadi.

Ana shu boylikni asrab-avaylash hamda qadriga yetishda - siz muhtaram tibbiyot xodimlarining mehnatingiz, faoliyatingiz muhim sanaladi.

Tib ilmining sultoni, buyuk alloma Abu Ali ibn Sino aytgani kabi, odamlar dardiga darmon bo‘lmoq – ezgulik va olijanoblikning yuksak namunasidir.

Ona xalqimiz sizning timsolingizda o‘z salomatligining posbonlarini ko‘radi. El-yurt sog‘ligini saqlash va asrash yo‘lida bor bilimi, tajribasi, isteʼdod va mahoratini safarbar etib kelayotgan sharafli kasb egalariga hamisha hurmat bilan qaraydi va munosib qadrlaydi.

Aziz do‘stlar!

Bugun mamlakatimizda “Inson qadri uchun” g‘oyasi barcha maqsad-muddaolarimizning asosini tashkil etmoqda.

Har bir inson baxtli yashashi, eʼtibor va g‘amxo‘rlikni o‘z hayotida ertaga emas, bugun ko‘rishi uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbus va takliflari bilan tibbiyot sohasi nafaqat markazlarda, balki chekka hududlarda ham birdek rivojlantirilmoqda.

Tibbiyot tizimi bosqichma-bosqich, haqiqiy maʼnoda, xalqchil tizimga aylantirilmoqda.

Xodimlar uchun shart-sharoitlar yaratish, ularni moddiy rag‘batlantirish, tibbiy muassasalar moddiy-texnika bazasini boyitish, dori-darmon bilan taʼminlash bo‘yicha moliyalashtirish hajmining bir necha baravarga oshirilishi islohotlar natijadorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Buni joriy yilning o‘zida viloyat tibbiyot muassalariga 2 trln.so‘mdan yoki 2016-yilga nisbatan 4 baravar ko‘p mablag‘ ajratilgani ham yaqqol tasdiqlab turibdi.

Tibbiy xizmatlarning sifat darajasi oshib, yangi zamonaviy yo‘nalishlar, davolash va diagnostika usullari, noyob ilmiy-amaliy tajribalar shakllanmoqda.

Buni birgina misol, yaʼni, ilk marotaba buyrak transplantatsiyasi, “ishlab turgan yurakda aorta-koronar shuntlash" kabi 30 dan ortiq murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli amalga oshirilganida ham ko‘rish mumkin. 

Natijada, poytaxtdagi va xorijiy davlatlardagi klinikalarga bo‘lgan murojaatlar soni keskin kamayib bormoqda.

Tibbiy muassasalar, ayniqsa, birlamchi bo‘g‘in hisoblangan, oilaviy poliknikalarni zamonaviy ko‘rinishga keltirish, ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘zida 28 ta tibbiy muassasalarni kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish ishlariga qariyib 200 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi.

Ayniqsa, “Ona va bola markazi” binosining mutqalo yangicha ko‘rinishda barpo etilganini viloyatimiz ahli uchun munosib sovg‘a bo‘ldi, desak adashmaymiz.

Shuningdek, Kasbi, G‘uzor tumanlari va Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmalarida “Qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir yurak qon tomir kasalliklari markaz”larining tashkil etilgani xalqimizni tibbiyotga yana-da yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. 

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan tizimga berilgan eʼtibor va yaratib berilgan imkoniyatlar natijasida tibbiyotda xususiy sektorning roli tobora ortib bormoqda.

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, viloyatda xususiy tibbiyot muassasalari soni qariyib 700 taga yetdi yoki 2017-yilga nisbatan 3 baravarga oshdi.

Tibbiy xizmatning 60 foizi xususiy sektor ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Fursatdan foydalanib, fuqarolarimiz salomatligi yo‘lida investitsiya kiritayotgan barcha tadbirkorlarga, soha fidoyilariga o‘zimning chuqur minnatdorchiligmni bildirmoqchiman.

Hurmatli soha xodimlari!

Muhtaram Prezidentimiz joriy yilning 24-25-oktabr kunlari viloyatga tashriflari qator tibbiy muassasalar faoliyati bilan tanishib, viloyatda tibbiyot tizimini yana-da rivojlantirish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar berdilar.

Hususan, kelgusi yil Qashqadaryoda “Sifatli taʼlim va tibbiyotni rivojlantirish yili” bo‘lishi taʼkidlandi.

Shu bilan birgalikda, Prezidentimiz soha rivoji uchun juda katta mablag‘ ham ajratib ketdilar.

Kelgusi yillarda ajratilgan mablag‘lar hisobidan:

Qarshi tuman tibbiyot birlashmasida 350 shifo o‘rniga ega yangi shifoxona va 250 qatnovli poliklinika quriladi;

Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida 600 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli klinika tashkil etiladi;

Qamashi tuman tibbiyot birlashmasi tarkibida 200 o‘rinli yangi “Ona va bola” markazi yangidan quriladi;

Kitob tumanida zamonaviy kardiologiya markazi barpo etiladi.

Shuningdek, davlatimiz Rahbarining takliflari asosida “Qashqadaryo tajribasi” sifatida har bir mahallada doyalar instituti joriy etiladi.

Bu xodimlar oilaning tibbiy madaniyatini oshirish, ayniqsa, bo‘lajak onalarni hayotga tayyorlash va ularning sog‘lom voyaga yetishi uchun xizmat qiladi.

Hozirda, viloyatdagi mahalla doyalarini Belorussiya va Turkiya mutaxassislari tomonidan o‘qitib, ularga “Halqaro sertifikat” berilishi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Qadrli tibbiyot xodimlari, aziz bayram ishtirokchilari!

Fursatdan foydalanib, Siz aziz soha vakillariga murojaat etmoqchiman.

Aholining to‘g‘ri ovqatlanishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi hamda oilada tibbiy madaniyatni rivojlantirish borasida o‘ziga xos chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, targ‘ib qilish fursati yetdi.

Sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini orqali tibbiy profilaktikaga, oilaviy shifokorlar rolini oshirishga alohida eʼtibor qaratib, aholi orasida eng ko‘p tarqalgan va erta o‘lim holatlarining asosiy sababi bo‘lgan kasalliklarni barvaqt aniqlash, maqsadli skrining tadbirlarini o‘tkazish hamda sog‘lom turmush tarzini joriy qilish, bunda axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishga chaqiraman.

Mamlakatimiz tibbiyotida inson qadri uchun olib borilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish haqida tinimsiz qayg‘urishimiz, odamlarning o‘z salomatligiga bo‘lgan eʼtiborni yuksaltirishimiz, sport bilan shug‘ullanishni targ‘ib qilishimiz – davr talabi.

Aziz tibbiyot xodimlari, qadrli do‘stlar!

Xalqimizning sog‘ligini saqlash, inson hayotini muhofaza qilishdek o‘ta masʼuliyatli va sharafli ishda tinib bilmay, kasbiy mahorati, bilim va tajribasi hamda insoniylik fazilatlarini safarbar etib mehnat qilayotgan, shifo istab kelgan insonlarni o‘z yaqin, qadrdonidek ko‘rib mehr berayotgan  tibbiyot xodimlarini qadrlaymiz va rahmat aytamiz.

Siz azizlarni, viloyatimizdagi barcha tibbiyot xodimlarini kasb bayramlari bilan yana bir bor qizg‘in tabriklab, mustahkam sog‘liq, oilangizga fayzu baraka, ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

11-11-2023 |
Foto galereya