Assalomu alaykum aziz va moʻtabar onaxonlar, dilbar va qadrli opa-singillar!

So‘zim avvalida siz nafosat va mehr sohibalarini, siz orqali butun qashqadaryolik ayollarni 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy tabriklayman. Qalbimdagi yuksak hurmat va ehtiromimni bildiraman.

Sizning hayotdan rozi bo‘lib yashashingiz, o‘z isteʼdod va qobiliyatingizni to‘la-to‘kis namoyon etishingiz  tarafdorimiz va bu borada hamisha o‘zimizni burchli sezamiz.

Mamlakatimizda xotin-qizlar uchun qulay shart-sharoit yaratilib, ularni qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek: Har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va g‘amxo‘rligi bilan belgilanadi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-ferval kuni viloyatimizga tashriflari davomida qashqadaryolik xotin-qizlarining baxtli hayot kechirish uchun xizmat qiladigan bir qator yangidan-yangi loyihalar haqida aytdilar.

Islohotlarning samarasini har bir ayol o‘z hayotida, ertaga emas, bugun ko‘rishi uchun barcha zarur manbalar, mablag‘lar safarbar etilishi taʼkidlandi.

Albatta, ayolni ulug‘lash – oilani, vatanni, hayotni ulug‘lashdir.

Xalqimiz azal-azaldan onaga, ayolga – Yaratganning tengsiz moʻjizasi deya ehtirom ko‘rsatadi.

Insoniyatning taraqqiy etishiga beqiyos hissa qo‘shgan mutafakkir, olim, allomalarni dunyoga keltirgan, tarbiyalagan, ularni ulug‘vor ishlarga ruhlantirgan buyuk zot – ona, ayoldir!

Yangi O‘zbekiston strategiyasida insonni qadrlash, uning manfaatlarini himoya qilish, oilalar mustahkamligini taʼminlash masalasiga ustivor ahamiyat qaratilmoqda.

Xotin-qizlar uchun keng imkoniyatlar yaratish orqali islohotlarning shiddatkorligiga erishamiz.

Xabaringiz bor, bu borada mamlakatimizda nafaqat mustahkam huquqiy zamin, balki samarali baza ham shakllantirildi. Jumladan:

ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning ishtiroki uchun teng imkoniyat va huquqlarni yaratish;

xotin-qizlar bandligini taʼminlash, qishloq joylarida yashayotgan ayollarimizni tadbirkorlikka, hunarmandchilikka jalb etish;

yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarning, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash;

adolatli va sifatli taʼlimda xotin-qizlarning ulushini oshirish;

mehnat sharoitlarini yaxshilash, salomatligini muhofaza qilish ishlari yangi bosqichda amalga oshirilmoqda.

Moʻtabar opa-singillar!

Viloyatimizda bugun 1 mln 700 mingdan ortiq xotin-qizlar istiqomat qiladi. Ularning 8 foizdan oshig‘i taʼlim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar sohasida mehnat qilmoqda.

Savdo sanoat sohasida 82 mingga yaqin, axborot va kommunika-siyalar sohasida 1 381 nafar ayollarimiz o‘z salohiyatlarini namoyon etishmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 4 nafar, viloyat, tuman, shahar kengashlarida 126 nafar deputat ayollar faoliyat yuritmoqda. Bugun qashqadaryolik opa-singillarimiz orasida 20 ga yaqin professor, fan doktorlari, 150 dan ortiq fan nomzodlari, falsafa doktorlari ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda.

Albatta, ayolning ilm-fan bilan shug‘ullanishi bu oila uchun, jamiyat uchun, millat uchun yuksak sharaf!

Hurmatli Prezidentimizning shaxsan tashabbuslari bilan 2022-2023-yil o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan barcha qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan qoplab berildi, buning uchun har yili 200 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 ta maqsadli kvota ajratiladi. Xotin-qizlar uchun imtiyozlik taʼlim kreditlari ajratilmoqda.

Bu esa, donishmandlarimiz aytgan “Bir qiz bolaning o‘qimishli bo‘lishi – butun oilaning, jamiyatning o‘qimishli bo‘lishidir” hikmatning hayotiy ifodasi nazarimda.

Keyingi yillarda xotin-qizlarning  muammolari, dard-u tashvishlari bilan doimiy shug‘ullanadigan adolatli va samarali tizim yaratildi.

Viloyatimizda “Ayollar daftari” ga kiritilgan 60 289 nafar xotin-qizning 60 182 nafariga yordam berildi. 21 mingga yaqin talabgorlar ish bilan taʼminlandi. 3 520 nafariga imtiyozli kreditlar, 2 970 nafariga esa subsidiyalar ajratildi.

Uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan 178 nafar opa-singillarimizga uy berildi.

2022-yilda amalga oshirilgan mazkur chora-tadbirlar uchun barcha manbalar hisobidan 87 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi.

Maqsad yagona - opa-singillarimiz hayotdan rozi bo‘lib yashasin, quvonsin, sevinsin va bor mehrini oilasiga, farzandlariga bersin.

Bugun viloyatda tadbirkorlik sohasida ishlash ishtiyoqini bildirayotgan xotin-qizlarning soni yildan-yil tobora ortmoqda. Bugun ular viloyatimizda 13 199 nafarni tashkil etadi.

Kasanachilik bilan shug‘ullangan xotin-qizlar tomonidan o‘tgan yil 10 122 ta ish o‘rni yaratildi.

Ayol dono, hunarmand, tadbirli bo‘lsa – oilada ham, jamiyatda ham hamjihatlik, o‘sish bo‘ladi. Mehr-muhabbat mustahkamlanadi. El yurtga fidoyi o‘g‘il-qizlar kamolga yetadi.  

Qaysi soha yoki yo‘nalishni olmaylik – u davlat va jamiyat qurilishi bo‘ladimi yoki ishlab chiqarish tarmoqlari, fermerlik va tadbirkorlik, tibbiyot, taʼlim, fan va madaniyat sohasining rivojida Siz aziz ayollarning munosib hissangiz bor.

Viloyatimizda yuksak davlat mukofoti, orden, medallar bilan taqdirlangan xotin-qizlar 362 nafarni, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari 28 nafarni, “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni sohibalari 68 nafarni tashkil etadi.

Bu yili ularning safiga besh nafar yuksak davlat mukofoti, 2 nafar Zulfiyaxonim izdoshi va 19 nafar “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni sohibalari qo‘shildi.

Viloyat hokimligi, sektor rahbarlari, keng jamoatchilik nomidan taqdirlanganlarni muborakbod etamiz.

Yangi loyihalarni hayotga tatbiq etib, hududlar infratuzilmasini rivojlantirishga salmoqli ulush qo‘shayotgan xotin-qizlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Hurmatli xotin-qizlarimiz!

Fursatdan foydalanib, viloyatimiz ravnaqi uchun samarali bo‘lgan vazifalar haqida to‘xtalib o‘tsam:

umidimiz nishonasi bo‘lgan qizlarimizning o‘qitishga alohida eʼtibor qaratish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, IT texnologiyalari va kamida ikkita xorijiy tilni mukammal bilishiga erishish;

taʼlimda, tibbiyot sohasida fidoyilik bilan ishlab, natija ko‘rsatayotgan xotin-qizlarni xorijda tajriba almashishini keng joriy etish;

erta nikohni oldini olish, oilani rejalashtirishga alohida eʼtibor qaratgan holda uyma-uy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, bunda ko‘pni ko‘rgan, elda obro‘yi bor oqila ayollarimizning maʼrifatidan foydalanish;

mahalla faollarini yanada faol bo‘lishga chorlayman.

Hududdagi har bir oilaning pasportini ishlab chiqish, xotin-qizlarning ehtiyoj va takliflarini o‘rganib, ijroga yo‘naltirish;

rahbar ayollarning ishlarini ommalashtirish, ular ishtirokida korxona, tashkilot, muassasalarda mashg‘ulotlar tashkil etish;

qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotgan opa-singillarimizning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash kabi g‘oyat dolzarb vazifalar doirasida birlashib, masʼuliyat bilan mehnat qilishga daʼvat etaman.

Bu orqali, agar ayol ziyoli bo‘lsa, farzandlari albatta vatanparvar bo‘ladi, degan tamoyilni bajarilishiga erishamiz.

Zero, Prezidentimiz bugungi tabriklarida taʼkidlaganlaridek, “Bugungi o‘ta og‘ir va murakkab zamonda biz o‘z oldimizga ulkan vazifalarni qo‘ymoqdamiz. Ularni bajarish albatta oson bo‘lmaydi. Lekin, bu sharafli yo‘lda bizga cheksiz kuch va madad beradigan mard va olijanob xalqimiz, muhtarama onalarimiz, aziz opa-singillarimiz bor ekan, ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimizga albatta yetamiz.”

Aziz opa-singillar!

Sizning quvonchingizdan kuch olamiz. Sizga baxt, shodlik tortig‘ etib baxtli bo‘lamiz.

Hamisha eʼzoz, ehtiromga munosib ekanligingizni baralla aytamiz!

Siz uchun farovon va obod turmush barpo etishda hurmatli Prezidentimiz rahbarliklarida o‘zimizni hamisha burchli sezamiz.

Oilangiz va elu yurtimiz baxtiga sog‘u salomat bo‘ling. Xonadoningizni tinchlik, xotirjamlik, fayzu baraka tark etmasin.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz opa singillar, muhtarama onaxonlar!

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

07-03-2023 |
Foto galereya