Maʼlumki, mamlakatimizda davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, korxona, muassasa va tashkilotlar faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni taʼminlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu masalada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2733-son qarori muhim ahamiyat kasb etadi.

Respublikamiz Prezidentining ushbu qaroriga asosan davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan ularning hududiy tuzilmalarida  majburiy tartibda yuridik xizmatlar tashkil etildi.

Yuridik xizmatlar tomonidan nizolarni sudgacha hal etish choralari ko‘riladi, yuridik xususiyatga ega bo‘lgan boshqa hujjatlarning loyihalari majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga taʼsir etadigan davlat organlari va tashkilotlar qarorlarining qonuniyligi xususida xulosalar beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi “Davlat organlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5168-sonli qaroriga muvofiq 2021-yil 1-oktabrdan boshlab viloyatlar adliya boshqarmalari huzurida respublikaning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etildi.

Ushbu markazlar tomonidan o‘z hududlaridagi davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatilmoqda.

Qayd etish joizki, markazlar tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda ularni farzandlikka yoki vasiylikka, homiylikka olgan fuqarolarga bepul yuridik xizmat ko‘rsatiladi.

2023-yil 16-iyunda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hisobidan yuridik xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘RQ-848-son Qonuni qabul qilindi.

Qonun talabiga ko‘ra, davlat hisobidan yuridik yordam faqat davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestriga kiritilgan advokatlar tomonidan ko‘rsatiladi.

Qonunda davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar ro'yxati ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra:

- kam taʼminlangan shaxs, agar u fuqarolik ishlari bo‘yicha daʼvogar yoki javobgar, maʼmuriy ishlar bo‘yicha arizachi, maʼmuriy qamoq tarzidagi maʼmuriy jazo nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs, jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek mahkum bo‘lsa,

- ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxs, unga qonuniga muvofiq psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda, o‘z huquqi buzilgan, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi munosabati bilan sudga murojaat qilgan jismoniy shaxslar,

- O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishi bo‘yicha advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining ishi bo‘yicha bepul yuridik yordam ko‘rsatilishi mumkin.

- O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi va davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

Shuningdek, adliya idoralari davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestrini yuritadi, davlat reyestriga kiritilish istagini bildirgan advokatlar bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzilishini taʼminlaydi.

Davlat hisobidan yuridik yordam maxsus vakolatli davlat organi va advokat o‘rtasida elektron shaklda tuziladigan asosida ko‘rsatiladi.

Qonunda belgilangan asoslar bo‘lmasa fuqaroga bepul yordam ko‘rsatish rad etiladi.

Davlat hisobidan yuridik yordamni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatgan advokatga Qonunga muvofiq ko‘rsatilgan yuridik yordam uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda va miqdorda to‘lov amalga oshiriladi.

Qayd etish joizki, respublikamizda ayrim nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan fuqarolarga bepul huquqiy maslahat berish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Bu sohada “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni taʼkidlash mumkin.

Viloyatimizning Qarshi va Shahrisabz shaharlari, Qarshi, G‘uzor va Koson tumanlarida “Madad” nodavlat notijorat tashkilotlari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu tashkilot tomonidan aholining kam taʼminlangan qatlamiga bepul huquqiy maslahatlar berib kelinmoqda.

 

Viloyat hokimligi yuridik xizmat
bosh yuriskonsulti

Sh.Kushokov 

14-09-2023 |
Foto galereya