Xabar berganimizdek, viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Safar jarayonida Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi ofisida kompaniya rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda kompaniya bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarida muzokaralar o‘tkazildi.

Unda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yiliga 200 ming xorijiy turistga xizmat ko‘rsatadigan “Qaynar” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish, jumladan, hududning xalqaro darajadagi master-rejasini ishlab chiqish masalasida kelishuvga erishildi.

O‘z navbatida, mazkur hududda 15 mln. dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish asosida zamonaviy osma dor yo‘lini qurish bo‘yicha kelishuv hujjati imzolandi.

Shuningdek, “Qarshi” xalqaro ayeroporti yaqinidagi maxsus iqtisodiy zonasini hamkorlikda rivojlantirish masalasi ham muhokama qilindi.

Mazkur masalada Xitoy tomoni ushbu hududga xitoylik kompaniyalarni jalb qilish asosida uni kompleks rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini maʼlum qildi.

Viloyat hokimi davlat rahbarimizning tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, investitsiya faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish siyosatlari natijasida bugungi kunda O‘zbekistonda, shu jumladan, Qashqadaryo viloyatida kompaniya faoliyati uchun ulkan imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi.

O‘z navbatida, “Bir makon-bir yo‘l”, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lining qurilishi, Xitoy tadbirkorlarining Afg‘oniston bozoriga kirishida viloyatning tranzit yo‘nalishda joylashuvining ahamiyati ham taʼkidlandi.

Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi ham O‘zbekistondagi shu jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi biznes muhitini qulayligini, keyingi rejalar viloyatga ko‘proq kompaniyalarni jalb etishga qaratilganligini taʼkidladi.

Tadbir yakunida viloyat hokimligi va kompaniya rahbariyati o‘rtasida 16 mln. dollar qiymatdagi shartnomalar imzolandi.

Viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.

19-07-2023 |
Foto galereya